Jinoyat ishlari bo‘yicha Peshku tuman sudi jarimani to‘lamaslik evaziga profilaktika inspektoriga 50 000 so‘mni pora tariqasida bergan fuqaroga olti oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinladi. Bu haqda “Daryo”ga Peshku tuman sudi ma’lum qildi.
Ish holatiga ko‘ra, sudlanuvchi Shoim Hojiyev 2018-yil 11-sentabr kuni Vobkent tuman IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi bo‘limi profilaktika inspektori Sh. Hakimovning xizmat xonasiga kelib, jamoat joyida spirtli ichimlik iste’mol qilganligi holati yuzasidan o‘ziga nisbatan ma’muriy huquqbuzarlik alomatlari bilan rasmiylashtirilgan bayonnomani bekor qilishni iltimos qiladi.
Jarimani to‘lamaslik uchun profilaktika inspektori Sh.Hakimovga 50 000 so‘m pora tariqasida bergan, hamda viloyat IIB o‘z xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olingan.
Sud majlisida sudlanuvchi sodir qilgan jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasi, chin ko‘ngildan pushaymonligi, muqaddam sudlanmaganligini, 3 nafar farzandlari borligi, oilaviy sharoiti va moddiy ahvoli og‘irligini inobatga olib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 211-moddasi 1-qismi bilan hamda 57-moddasini qo‘llab 6 oy muddatga ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib.
Pora predmeti hisoblangan 50 000 so‘m davlat foydasiga o‘tkazildi.
Izoh (0)