O‘zbekiston delegatsiyasi atom energetikasi sohasidagi qonunchilik bilan tanishish uchun 2019-yilning 12—15-fevral kunlari Vengriyaga tashrif buyurdi. Bu haqda “O‘zatom” agentligining matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi UzDaily.
Delegatsiya tarkibiga O‘zbekiston Oliy Majlisi Qonunchilik palatasining deputatlari, “O‘zatom” agentligi va OAVning vakillari kirdi.
Tashrif davomida Vengriya Parlamenti (Milliy majlisi) vitse-spikeri Ishtvan Yakob bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. U Vengriya hukumati O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi muhim strategik hamkori sifatida ko‘rishini ta’kidladi.
Tomonlar parlament almashinuvi va parlamentlararo aloqalar, jumladan, atom energiyasidan tinch maqsadlarda foydalanish sohasidagi Vengriya qonunchiligi va tajribasini o‘rganish sohasini yanada rivojlantirish, shuningdek, ikki mamlakat vakolatli idoralari o‘rtasida tajriba almashish bo‘yicha kelishuvga erishdi.
Shuningdek, “Paksh-2” AES loyihasi uchun ma’sul “portfelsiz” vazir Yanosh Shuli, Vengriya innovatsiyalar va texnologiyalar vazirligi davlat kotibi o‘rinbosari Andrea Beatriks Kadar, Atom energetikasi bo‘yicha Vengriya regulyatori Dyul Fixtinger va boshqalar bilan muzokaralar o‘tkazildi.
Izoh (0)