16—17-fevral kunlari Jizzax shahrining “Navro‘zbuloq” trassasida avtokross bo‘yicha 2019-yilgi O‘zbekiston kubogining birinchi bosqichi bo‘lib o‘tdi, deb yozadi “Novosti Uzbekistana”.
Musobaqaning birinchi kunida poygachilarning omadi keldi, ob-havo quyoshli va qulay bo‘ldi. Ikkinchi kuni esa kuchli sovuq shamol esib, yomg‘ir yog‘di. Biroq bunday ob-havo musobaqaga kelgan minglab tomoshabinni cho‘chitmadi.
“Avtokross bo‘yicha musobaqada sakkizta viloyatdan 12 ta klub, jami 60 ga yaqin avtomobil ishtirok etmoqda. Birinchi bosqich g‘oliblari finalda ishtirok etish uchun yo‘llanmani qo‘lga kiritadi. Final mart oyida bo‘lib o‘tadi”, — deydi Jizzax viloyati “Vatanparvar” tashkilotining sport ishlari bo‘yicha rais o‘rinbosari Zoir Odilov.
Musobaqada barcha toifalarda jizzaxlik sportchilik ustunlik qildi. Mazkur bosqichning “Baggi” klassida G‘ayrat Odilov, A-7 klassida Timur Narziqulov, “A-8” klassida Umid Soatov, “neksiya” klassida Bekzod Odilov g‘oliblikni qo‘lga kiritdi.
Umumjamoa hisobida ham Jizzax jamoasi birinchilikni egalladi. Ikkinchi va uchinchi o‘rinlar Toshkent va Buxoro viloyatidan kelgan krossmenlarga nasib qildi.
Izoh (0)