Toshkent viloyati Parkent tumanida sevgan qizining qotiliga aylangan 27 yoshli yigit 21 yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. Bu haqda Sevimli TV telekanalining Zamon dasturi ma’lum qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
“27 yoshli Dilshod Nig‘matullayev halok bo‘lgan Dilsora Ro‘ziboyevasiz hayotini tasavvur qila olmagan… U bir yil davomida qizning ota-onasinikiga bir necha marta sovchilar jo‘natgan, biroq ular qizini boshqa yigit — Husan bilan unashtirgan”, — deyiladi dasturda.
Dilsora va Husanning to‘yi oldidan sudlanuvchi ularga pichoq bilan hujum qilgan. 22 ta jarohat olgan qiz halok bo‘lgan.
“Men hatto uning shartlarini bajardim. U mashina sotib olishimni so‘radi, mashina sotib oldim. Shaharda yashashni istashini aytdi, biz uyimizni sotdik va yangisini sotib olmoqchi edik”, — deydi Nig‘matullayev.
Sudlanuvchining otasi uning oilasi bir necha marta qizning oilasi bilan uchrashganligi, uning onasi dastlab rozi bo‘lib, keyinchalik fikrini o‘zgartirganligini bildirgan.
Qizning singlisi Dilsora Dilshod bilan gaplashgan bo‘lishi mumkinligi, biroq uning oilaviy ahvolini bilmaganligini ma’lum qilgan. “Tarbiya ko‘rmaganligi sababli opamni unga bermadik”, — deydi u.
Izoh (0)