Samarqand viloyatining hokimi Erkinjon Turdimov beshta tuman — Jomboy, Bulung‘ur, Toyloq, Payariq va Oqdaryo tadbirkorlari tomonidan taqdim etilgan loyihalar bilan tanishdi. Bu haqda “Samarkandskiy vestnik” gazetasiga tayanib, “Novosti Uzbekistana” xabar bermoqda.
Viloyat rahbariga umumiy qiymati 45,34 million AQSh dollariga teng bo‘lgan 26 ta loyiha taqdim etildi. Ekoturizmni rivojlantirishga qaratilgan qiziqarli loyiha — Toyloq tumanida botanika bog‘i, logistika markazi, sharq bozori, mehmonxona va oranjereyalarning qurilishidir.
“Birlashgan Arab Amirliklaridan hamkorlar bilan kelishuvga erishildi. Ular umumiy qiymati 7 million dollarlik loyihaga 6,2 million dollar investitsiya kiritmoqda. Biz ekoturizmni rivojlantirishni istaymiz. Masalan, 4 gektarlik oranjereyada gullar, mevalar, sitrus mevalar ekiladi. Shu yerdagi restoranda sayyohlar o‘zi tergan mevalardan tatib ko‘rishi mumkin bo‘ladi. Bundan tashqari, tropik o‘simliklar o‘suvchi botanika bog‘i yaratishni rejalashtirmoqdamiz. Shu yerning o‘zida sky-restoran, ya’ni osma restoran ochiladi. Unda sayyohlar bog‘ bo‘ylab sayr qilishi mumkin”, — deydi Bro Beans MChJ rahbari Davron Ravshanov.
Majmuadan, shuningdek, bir gektarga yaqin maydonni egallovchi sharq bozori joy oladi.
Viloyat rahbari loyihalar bilan yaqindan tanishgandan so‘ng, ularning har biriga baho berdi va barcha tashkiliy masalalarni hal etishda amaliy yordam ko‘rsatishga so‘z berdi.
Izoh (0)