Markaziy bank 2019-yilda narxlar darajasiga ta’sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan nomonetar omillarni sanab o‘tdi. Bu haqda 2018-yilning 4-choragi uchun pul-kredit siyosati sharhida ma’lum qilindi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Regulyator prognoziga ko‘ra, bunda birinchidan, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish davlat dasturlari doirasida ajratiladigan kreditlar bo‘yicha imtiyozlar taqdim etish mexanizmini takomillashtirish, shuningdek, iqtisodiy faollikni bunday rag‘batlantirishning samaradorligini oshirish pul-kredit siyosati transmission mexanizmi foiz kanali ta’sirchanligini oshirishga hamda pul-kredit sharoitlarini nomaqbul yumshatilishi oldini olishga yordam beradi.
Ikkinchidan, iqtisodiyotda davlat aralashuvini kamaytirish, iqtisodiyotning barcha sektorlarini erkinlashtirish va monopoliyadan chiqarish, shuningdek bozorning barcha ishtirokchilari uchun bir xil bo‘lgan shaffof qoidalar asosida qulay biznes muhitini yaratish orqali iqtisodiyotda raqobat muhitini rivojlantirish bo‘yicha chora-tadbirlarni kuchaytirish taklif omillarining inflyatsiyaga ta’sirini kamaytiradi.
Uchinchidan, hozirgi vaqtda ichki iqtisodiyotda kuzatilayotgan iste’mol va investitsiya talabi oshishi sharoitida bojxona tariflarini minimallashtirish va import tartiblarini soddalashtirish, shuningdek import qiluvchi barcha biznes subyektlari uchun teng sharoitlarni yaratish import tovarlari va xom-ashyolari narxlari keskin o‘sishining oldini oladi. Bunda, ichki tovarlar taklifining yetarli emasligi import hisobiga qoplanadi. Qayd etish lozimki, 2019-yil yanvardan bir qancha tovar pozitsiyalari bo‘yicha bojxona stavkalarini oshirish tomonga qayta ko‘rib chiqilishi bir tomondan importni qimmatlashishi, ikkinchi tomondan tegishli tovar bozorlarida raqobatning kamayishi hisobiga mazkur tovar turlari bo‘yicha narxlar o‘sishi xavfini keltirib chiqaradi.
To‘rtinchidan, taklif omillarining inflyatsiyaga ta’sirini kamaytirishning muhim sharti iqtisodiyotning real sektori korxonalarini uzluksiz elektr energiya bilan ta’minlash hamda ishlab chiqarish, transport va kommunikatsiya infrastrukturasini rivojlantirish hisoblanadi. Pul-kredit siyosatining amaldagi yo‘nalishini saqlab qolinishi va budjet xarajatlarini belgilangan parametrlar doirasida bajarilishi, shuningdek, yangi soliq tizimining samarali joriy etilishi sharoitida Markaziy bank 2019-yil III chorak boshida inflyatsiya prognozini qayta ko‘rib chiqishi mumkin.
Izoh (0)