Namangan viloyati To‘raqo‘rg‘on tumanida qishloq xo‘jaligi o‘simliklari zararkunandalari tarqalishini oldindan bilishga xizmat qiluvchi 100 dan ziyod feromonli qopqon va ikkita kichik meteostansiya o‘rnatildi. Bu haqda BMTTD matbuot xizmati xabar berdi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Farg‘ona vodiysi fermerlari o‘rtasida o‘tkazilgan izlanishlarda qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalari va kasalliklariga qarshi kurashda odamlar kimyoviy ishlov berish usulini ma’qul ko‘rishi ma’lum bo‘ldi. Bu esa ekologiya va insonlar salomatligiga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi.
Qopqon va meteostansiyalar BMTTDning “savdo-sotiqni rivojlantirishga ko‘maklashish” dasturi doirasida o‘rnatildi. Ulardagi datchiklar yordamida yog‘ingarchiliklar miqdori, harorat, havo namligi, tuproq, shamol tezligi va yo‘nalishi haqidagi ma’lumotlar to‘planib, tahlil qilinadi.
Toshkentdagi Inha universiteti professori Jasurbek Xo‘jayev va Sarvar Abdullayev fermer xo‘jaliklari yetishtirayotgan o‘simliklar, kasallik va zararkunandalar xronologiyasi haqidagi ma’lumotlar bazasini o‘z ichiga olgan mobil ilovani ishlab chiqdi.
Qopqonlar va mini-meteostansiyalar tumandagi har bir fuqaroga o‘simliklar profilaktikasi va himoyasi, agrotexnik choralarni o‘z vaqtida va samarali qo‘llash bo‘yicha tavsiyalar aks etgan SMS-xabarnomalarni olishiga imkon beradi.
Feromon qopqonlar foydalanuvchilarining qariyb 40 foizi zararkunandalarning kamaygani, 38 foizi kimyoviy preparatlarni qo‘llashni kamaytirgani hamda 90 foizdan ziyodrog‘i kelgusida himoya qilishning biologik usullaridan foydalanishini ta’kidlagan.
Izoh (0)