“O‘zA”da Toshkentning Beruniy metro bekati atrofida amalga oshirilayotgan obodonlashtirish ishlari haqida maqola chop etildi. Quyida ushbu maqola to‘lig‘icha berildi.
Bugun Beruniy metro bekatining quyosh chiqish tarafidan tepaga ko‘tarilsangiz, sizni ajib bir bunyodkorlik ishlari qarshi oladi. O‘ng qo‘l tomonda Abu Rayhon Beruniy haykali o‘rnatilib, atrofida so‘nggi harakatlar amalga oshirilmoqda: zarhal bezaklar, qadim moziyni yodga soluvchi zamonaviy ustunlar o‘rnatilmoqda.
Ulug‘vor chinorlar bilan birga ravon yo‘l sizni Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti va Islom Karimov nomidagi Toshkent davlat texnika universiteti tomon yetaklaydi. Yo‘l-yo‘lakay qishda ham bahorni yodga soluvchi maydonlar, ko‘ngilga ko‘klamni keltiruvchi gullar, kishiga estetik ko‘tarinkilik baxsh etuvchi bunyodkorlik ishlariga ro‘baro‘ bo‘lasiz.
Har qadamda Beruniy bobomizning fan bobida qilgan amallaridek mukammal va falsafiy shakllar o‘rnatilgan alohida maydonchalar oldidan o‘tayotganingizda bir zum to‘xtab, tikilib qolasiz. Go‘yoki o‘zingizni fan bog‘iga kirib qolgandek his etasiz.
Mana shunday iliq, yorug‘ kayfiyat bilan ilm dargohiga kirib borasiz...
Quruvchilarning ma’lumot berishicha, o‘rnatilgan Beruniy haykali Toshkent davlat texnika universiteti yonidan ko‘chirilib, barpo etilayotgan saylgohning kiraverishdagi o‘ng qo‘l tomoniga o‘rnatilishi ma’qul ko‘rilgan. Saylgohga esa Beruniy nomi berilishi ko‘zda tutilmoqda.
Izoh (0)