Turkiyaning Istanbul shahrida politsiya xodimlari tomonidan jinsiy qullikda bo‘lgan o‘zbekistonlik ayollar qutqarildi. Bu haqda Haberler turk nashri xabar qildi, deb yozadi Sputnik.

Foto: “Kun.uz”

Xabarda aytilishicha, politsiya xodimlari katta tezkor operatsiya o‘tkazgan. Tadbir davomida O‘zbekiston va Qirg‘izistondan kelgan ayollarni fohishalik bilan shug‘ullanishga majbur qilgan jinoiy guruh aniqlandi.

Tezkor operatsiya bir vaqtning o‘zida shaharning 7 ta yirik tumanida o‘tkazildi. Politsiya 30 dan ortiq fohishalik xizmatlari ko‘rsatilayotgan uyni aniqladi.

“Tezkor tadbir natijasida 85 nafar ayol aniqlandi, ulardan 35 nafari Qirg‘iziston fuqarosi, qolganlari — o‘zbekistonliklar. Jinoiy guruh a’zolari internet orqali ayollar bilan tanishib, ishqiy yozishmani yo‘lga qo‘ygan. Keyinchalik turmushga chiqish bahonasi bilan ularni Turkiyaga taklif qilishgan. Kelgan ayollar fohishalik bilan shug‘ullanishga majburlangan”, — deyilgan xabarda.

Ushbu holat yuzasidan jinoiy ish qo‘zg‘atildi. Hozirda ayollarni o‘z vataniga deportatsiya qilish masalasi hal qilinmoqda.