Toshkentdagi Hyatt Regency mehmonxonasida mahalliy va xorijiy biznes-tuzilmalar, jurnalistlar va jamoatchilik vakillari ishtirokida yangi “Business city” loyihalarining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: “Podrobno.uz”

Loyihalar Mirzo Ulug‘bek va Yunusobod tumanlarida amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.

“Mirzo Ulugbek Business city” loyihasi Amir Temur maydonidan Mustaqillik va Mirzo Ulug‘bek ko‘chalari bo‘ylab 6,5 kilometr masofada, “Yunusobod Business city” loyihasi Yangi shahar va Chinobod ko‘chalari kesishmasida joylashishi qayd etildi.

Foto: “Podrobno.uz”

Mazkur loyihalar doirasida zamonaviy mehmonxonalar, ko‘p qavatli turar joy binolari, chakana savdo do‘konlari, ko‘p tarmoqli majmualar, ijtimoiy infratuzilma obyektlari kabilarni o‘z ichiga oladi.

“Yunusobod Business city” markazi 4 ta lotdan iborat. 41 gektar maydonda qurilishi kutilayotgan markazning birinchi lotida 9,12,15 qavatli 3 va 4 yulduzli mehmonxonalar bunyod etiladi. Ikkinchi lot hududida maktab va bog‘cha hamda 1388 o‘rinli avtoturargoh barpo etish ko‘zda tutilgan. Maydoni 1,4 gektar bo‘lgan uchinchi lotda ofis va mehmonxonalar, 12 va 15 qavatli binolar quriladi. 18,2 gektarlik to‘rtinchi lotda esa katta bog‘, kichik do‘kon va restoranlar qurish rejalashtirilgan.