Toshkentda 2019—2020-yillarda yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha hududiy dastur tasdiqlandi. Bu haqda shahar hokimligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

Foto: Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati

Dasturda aholi gavjum obyektlar yaqinida tezlik soatiga 50 kilometrgacha etib belgilangani haqida belgilar o‘rnatilishi ko‘zda tutilgan. Bu ro‘yxatga bog‘chalar, maktablar, litsey va kollejlar, institutlar, kasalxonalar, bozorlar, biznes-markazlar, supermarketlar, bog‘lar, teatrlar, stadionlar, konsert zallari, masjid va cherkovlar, to‘y tantanalari o‘tkaziladigan manzillar kiritilgan. Bunday joylarga tezlik o‘lchovchi statsionar va mobil vositalar (radarlar) ham o‘rnatiladi.

Yo‘llardagi vaziyatni doimiy monitoring qilish va tiqinlar yuzaga kelishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun kichik uchish qurilmalaridan (dronlar) foydalanish rejalashtirilmoqda.

Shuningdek, svetofor signallari maqbullashtiriladi, taymerlar o‘rnatiladi va ko‘cha hamda yo‘l bo‘ylarida qo‘shimcha pullik parkovka joylari tashkillanadi.