Tojikistonda O‘zbekistonning Artel kompaniyasining sovitgich ishlab chiqaruvchi zavodi ochiladi, deya xabar qildi Sputnik Tojikiston investitsiyalar va davlat mulki boshqarmasi bo‘yicha davlat qo‘mitasi rahbari Farrux Hamralizoda so‘zlariga asoslanib.

Foto: O‘zbekiston Prezidenti Matbuot xizmati

Shuningdek, u O‘zbekiston bilan hamkorlik va sherikchilik yangi bosqichga ko‘tarilayotganini ta’kidladi. O‘tgan yil o‘zbekistonlik investorlar mamlakat iqtisodiga 5,3 million dollar investitsiya kiritishganini ma’lum qildi.

O‘zbek investitsiyalari qishloq xo‘jaligi, parrandachilik va bog‘dorchilikka yo‘naltirilgan.

“Hozirda Dushanbeda sovitgich ishlab chiqarish bo‘yicha Artel zavodini ochish masalasi hal qilinmoqda”, — dedi Hamralizoda.

U Tojikiston bozoriga Artel mahsulotlari bir necha yil oldin kirib kelganini eslatib o‘tdi. Ushbu davr mobaynida kompaniyaning maishiy texnikasi ishonch bilan mahalliy bozorga kirib, xalq orasida katta shuhratga erishgan.

Avvalroq Tojikistonda o‘z ishlarida O‘zbekiston gazlamalaridan foydalanuvchi yangi tikuv sexlari ochilishi ma’lum qilingan edi.