“O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasida Qirg‘iziston sanoat, energetika va yerosti boyliklardan foydalanish davlat qo‘mitasi raisining o‘rinbosari J.Saginbayev boshchiligidagi ishbilarmon doiralar delegatsiyasi bilan muzokaralar o‘tkazildi. Bu haqda uyushma matbuot xizmatiga tayanib, O‘zA xabar berdi.

Foto: “O‘zto‘qimachiliksanoat”

Uchrashuvda to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati sohasida ikki mamlakat o‘rtasida o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirish, xususan to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj mahsulotlarini targ‘ib qilish va sotish, tayyor mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish va ularni keyinchalik uchinchi mamlakat bozorlariga eksport qilish masalalari muhokama qilindi.

Ikki mamlakat to‘qimachilik, tikuvchilik va trikotaj sanoati salohiyatiga bag‘ishlangan taqdimotlar o‘tkazildi.

Qirg‘iziston delegatsiyasi “Bakan Tex” va “Uztex Group” korxonalarida bo‘lib, to‘qimachilik mahsulotlari ishlab chiqarish jarayonlari bilan tanishishi ko‘zda tutilgan.

Ma’lumot uchun, 2018-yil oxiriga kelib Qirg‘izistonga to‘qimachilik mahsulotlarini eksport qilish hajmi 70 million dollarni tashkil etdi.