Bugundan boshlab Yevropa yana klublar o‘rtasidagi eng nufuzli musobaqa — UEFA Chempionlar Ligasi havosidan nafas ola boshlaydi. 1/8 finalning eng qiziqarli to‘qnashuvlaridan biri Manchester shahrida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Google Images

Unda Joze Mourinyo ketgach, Ole-Gunnar Sulsher bilan mag‘lubiyatsiz odimlayotgan “Manchester Yunayted” o‘zining uy stadioni, “Orzular teatri” — “Old Trafford”da, ayni damda jamoa yetakchilaridan ayrilgan Tomas Tuxel boshchiligidagi PSJ klubini qabul qiladi. Shu uchrashuv va uning atrofidagi voqealar haqida biroz fikrlashsak, zarar qilmaydi, aziz muxlis, shunday emasmi?!

Foto: Google Images

Nimchorak final bosqichiga qur’a tashlangan vaqtda PSJ muxlislari o‘zida yo‘q xursand bo‘lgani ayni haqiqat. Boisi, o‘sha vaqtda Joze Mourinyo boshchilik qilgan “Yunayted”da o‘yin borasidagi muammolardan tashqari ichki nizolar ham paydo bo‘lgan va bu haqda mahalliy va chet el OAVlarida tinmasdan bong urilayotgandi. PSJda esa bu vaqtda Neymar—Kavani—Mbappe triosi to‘xtamasdan gollar urar, Fransiya chempionatida mag‘lubiyatsiz odim, xullas, hamma-hammasi joyida edi. Ammo hozir aslo unday emas. Orada “Special one” “Yunayted”dan badarg‘a qilindi, uning o‘rniga esa bir vaqtlar klubning “oltin tayoqchasi” vazifasini o‘tagan, murabbiylikda esa hali nom qozonishga ulgurmagan Ole-Gunnar Sulsher olib kelindi. Boshida “Qizil iblislar”ning muxlislari ham bu almashuvga gumon bilan qaragani ham bor gap. Biroq bu shunchaki zaxira varianti bo‘lib chiqmadi, aksincha, “super almashtirish”ga aylandi. Sulsher qo‘l ostida manchesterlik yigitlar 11 ta o‘yin o‘tkazib ularning hech birida mag‘lubiyatga uchramadi — 10 ta g‘alaba, 1 ta durang. Orzularga tatiydigan debyut shunday emasmi!? PSJ esa bu orada bir qancha yo‘qotishlarga uchradi. Xo‘sh, bugun kimning qo‘li baland keladi, kimning imkoniyati ko‘proq, maydonga kimlar tushadi?

Tarkiblar haqida

PSJ

PSJ uchrashuvga “yaralangan ahvol”da kelmoqda. Parijliklar o‘zining ikki “straykeri” Neymar hamda Edinson Kavanidan jarohat sabab foydalana olmaydi. Qo‘shimchasiga belgiyalik himoyachi Toma Menye jarohat olib safdan chiqdi va u ham bugungi o‘yinni o‘tkazib yuboradi. Parijliklarning bor umidi endilikda 20 yoshli JCh—2018 chempioni Kilian Mbappega qaratilgan. Mbappe bugun PSJning asosiy hujumchisi sifatida maydonda harakatlanadi. Unga hujumda tajribali Anxel di Mariya hamda Yulian Draksler yordam beradi. Tayanch yarim himoyada esa asosiy vazifasi himoyachi bo‘lsa-da braziliyalik Markinyos o‘ynashi kutilmoqda. Sal oldinroqda bo‘lsa, endigina jarohatdan qutulgan Marko Veratti va Dani Alvesh to‘p suradi. Markaziy himoyada Tiago Silva—Presnel Kimpembe tandemi harakatlansa, qanotlar Keryer hamda Xuan Bernatga ishonib topshirilishi kutilmoqda. Xullas, bugun PSJga oson bo‘lmasligi aniq.

“Manchester Yunayted”

Sulsher jamoasida deyarli yo‘qotishlar yo‘q. Faqat jamoa sardori Antonio Valensiyani hisobga olmasa. Valensiya joriy mavsum jarohati sabab aytarli maydonga tushmadi. Shu boisdan uning yo‘qligi “mankunianlar”ning o‘yiniga jiddiy ta’sir qilmasligi aniq. Kichik jarohat sabab APLning 26-turida “Fulhem”ga qarshi o‘yinni o‘tkazib yuborgan Viktor Lindelyof katta ehtimol bilan asosiy tarkibga qaytadi. Ranyeri jamoasiga qarshi o‘yinni asosiy tarkibda boshlagan Romelu Lukaku hamda Xuan Mata bu safar o‘yinni zaxirada boshlasa, ajab emas. Boisi, PSJga qarshi bahsda, ulardan tezkor va ishtiyoqqa to‘la Markus Reshford va Jessi Lingard ko‘proq foyda keltirishi mumkin. Shuningdek, “Fulhem”ga qarshi bahsda qoyilmaqom o‘yin ko‘rsatgan Antoni Marsial Aleksis Sanchesdan ko‘ra, asosiy tarkibga munosib ekanligi ayonlashib qoldi. Katta ehtimol bilan Sulsher shogirdlari bugungi o‘yinda 1-raqam ostida harakat qiladi.

Qiziqarli faktlar

  • PSJning Chempionlar Ligasidagi so‘nggi 21 ta o‘yinidan 21 tasida o‘rtacha 2,5 tadan ortiq gol kiritilgan.
  • PSJ so‘nggi bor Chempionlar Ligasida joriy mavsum doirasida 1-tur bahsida “Liverpul”ga yutqazgan.
  • PSJ Chempionlar Ligasining so‘nggi 6 ta o‘yinidan 5 tasida kamida 2 ta gol urdi.
  • 2019-yilda jamoalar atigi bitta o‘yinda durang o‘ynadi.
  • Qishki transferlar vaqtida ikkala jamoani ham asosiy tarkib futbolchilari tark etmadi. “Yunayted” faqatgina Maruan Fellainini Xitoyga jo‘natdi. Biror futbolchini xarid qilmadi. PSJ esa Leandro Paredesni 40,2 million yevro evaziga o‘z safiga qo‘shib oldi.
  • Yevropa Chempionlar Ligasining 1/8 final bosqichidan boshlab musobaqa tarixida ilk bor VAR (Hakamning videotakrorlar bo‘yicha yordamchisi) tizimi qo‘llaniladi.

Uchrashuv hakami

Foto: Google Images

Bellashuvni italiyalik Daniele Orsato boshqarib boradi. U 2018/19-yilgi mavsumda 6 ta xalqaro uchrashuni boshqardi. Bu o‘yinlarda u 17 ta sariq kartochka ko‘rsatgan (bitta o‘yinga o‘rtacha 2,8 ta sariq kartochka). Biror futbolchini maydondan chetlatmagan. Bitta o‘yinda o‘rtacha 19 ta qoida buzilishini qayd etgan. O‘yinlarning 17 foizida esa darvozalar tomon penalti belgilagan.

Taxminiy tarkiblar

“Manchester Yunayted”: De Xea — Yang, Lindelyof, Jons, Shou — Errera, Matich — Lingard, Pogba, Marsial — Reshford

PSJ: Buffon — Kerer, Silva, Kimpembe, Bernat — Dani Alvesh, Markinyos, Verratti — Di Mariya, Mbappe, Draksler.

O‘yindan oldin fikrlar

Parijliklar hamma narsaga qodir. Ular jismoniy va texnik jihatdan kuchli, bu orqali ular o‘zlariga bo‘sh hududlarni paydo qila oladi. Mbappe — haddan tashqari tezkor futbolchi. Bunda unga yetadigani yo‘q. Tuxel esa ajoyib taktik murabbiy. 3-4-3, 4-4-2 yoki 4-3-3 sxemalaridan birini tanlashimiz mumkin. Qaysi biridan ustunlik qila olishimizini o‘ylash zarur. “Yunayted”ning o‘zigagina xos bo‘lgan o‘yin uslubini qaytarishimiz kerak. Agar o‘z rejalarimizni amalga oshira oladigan bo‘lsak, “Old-Trafford”da hech kimga oson bo‘lmaydi.

Ole-Gunnar Sulsher, “Manchester Yunayted” bosh murabbiyi

“Manchester Yunayted” dekabrdagi holatidan tubdan farq qiladi. Jamoa ayni damda o‘ziga bo‘lgan katta ishonch bilan to‘p surmoqda. Ko‘plab gollar urmoqda va hujumga tez-tez o‘tib turibdi. Ular bilan hozirgi holatda uchrashish, biz uchun eng jiddiy va og‘ir sinovlardan biri bo‘lishi, shubhasiz. “Old Trafford”da imkoniyatlar esa 50 ga 50. Sulsher qo‘l ostida ular maftunkor o‘yin namoyish qilmoqda. Ularga sovg‘a qilishga haqimiz yo‘q. O‘yin taktik va jismoniy jihatdan qiyin kechadi. O‘zimizning yaxshi taraflarimizni ko‘rsata olamiz, deb umid qilaman.

Tomas Tuxel, PSJ bosh murabbiyi

Yevropa Chempionlar Ligasi

1/8 final bahslari

12-fevral, seshanba

“Manchester Yunayted”—PSJ 01:00

Bosh hakam: Daniele Orsato (Italiya)

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!