Tijorat banklariga yetim va ota-onasi qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga kvartira sotib olish uchun imtiyozli ipoteka kreditlari va tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun kreditlar ajratish tavsiya etiladi. Bu Prezidentning “Yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarni ijtimoiy himoya qilishni kuchaytirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” qarorida ko‘zda tutilgan.

Foto: O‘zА

Ipoteka kreditining dastlabki badali O‘zbekiston yoshlar ittifoqi Rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab beriladi.

Vazirlar Mahkamasi shaharlar va qishloq joylarida arzon ko‘p kvartirali uylarni qurish parametrlarini shakllantirishda, 2020 yildan boshlab uy-joyga bo‘lgan ehtiyojdan kelib chiqib, yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga imtiyozli ipoteka krediti berish asosida sotish uchun uylar qurilishini nazarda tutishi belgilandi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi raisi, viloyatlar, shahar (tuman) hokimlari:

“Mehribonlik” uylariga kam ta’minlangan va ko‘p bolali oilalarning bolalari hamda ota yoki onadan biriga ega bolalarni vaqtinchalik joylashtirish bo‘yicha qarorlarning asoslantirilganligi;

uy-joyga muhtoj sifatida hisobda turgan yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga o‘z vaqtida turar joylar ajratilishini qonun hujjatlariga muvofiq ta’minlash uchun shaxsiy javobgar ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Bosh prokuraturaga yetim bolalar va ota-onasining qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalarga turar joylar ajratilishi ustidan nazoratni kuchaytirish topshirildi.