Moskva tuman sudi Moskva davlat universiteti aspiranti Azat Miftaxovni “Yagona Rossiya” partiyasining Moskvadagi ofisiga o‘t qo‘yganligi uchun bezorilik ishi bo‘yicha 7-martga qadar hibsga oldi. Miftaxovning o‘zi uy qamog‘ini so‘ragan edi, deb yozadi TJournal.

Foto: The Insider

Miftaxov uyushgan guruh tomonidan sodir etilgan bezorilikda gumonlanmoqda. Gap 2018-yilning 30-yanvari tunida “Yagona Rossiya” ofisiga o‘t qo‘yish haqida bormoqda. Miftaxov o‘t qo‘yishda ishtirok etmaganligini ta’kidlab, aybini rad etmoqda. Uning ishtirok etganligi yagona dalili — kimligi sir tutilayotgan guvohning ko‘rsatmasi.

Miftaxov ilk bor 1-fevral kuni universitet yotoqxonasida qo‘lga olingan edi. U anarxistik tashkilot bilan aloqadorlikda va portlovchi modda tayyorlashda gumon qilingan edi. Miftaxov qo‘lga olingandan keyin IIVda qiynoqqa solinganligi va advokat bilan gaplashishiga to‘sqinlik qilinganidan shikoyat qilgan.

7-fevral kuni aspirant vaqtinchalik saqlash izolyatoridan qo‘yib yuborilgan. Shu kuni unga nisbatan ehtiyot chorasini tanlash bo‘yicha sud majlisi bo‘lib o‘tishi kerak edi. U izolyatordan chiqqanidan taxminan bir soat o‘tib takroran qo‘lga olingan.