“Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vazirligining Moskva davlat xalqaro munosabatlar instituti (universiteti)” Federal davlat avtonom oliy ta’lim muassasasining Toshkent shahridagi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risidagi Prezident qarori qabul qilindi. Bu haqda Adliya vazirligining “Huquqiy axborot” kanali xabar berdi.

Foto: MyDay

Filialda quyidagi yo‘nalishlar bo‘yicha mutaxassislar tayyorlanadi:

  • biznes-informatika (bakalavr);
  • ijtimoiy-iqtisodiy jarayonlarni tizimli tahlil qilish va prognozlashtirish (magistr);
  • xalqaro xususiy, fuqarolik huquqi va arbitraj (magistr);
  • xalqaro savdo va moliya huquqi (magistr);
  • xalqaro tashkilotlar uchun sinxron tarjimonlar tayyorlash va madaniyatlararo kommunikatsiya (magistr).

Filial O‘zbekiston va Rossiya qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq bosh muassasaning alohida tarkibiy bo‘linmasi hisoblanadi.

Filialda o‘quv jarayoni bakalavriat dasturlari bo‘yicha to‘rt yillik va magistratura dasturlari bo‘yicha ikki yillik ta’limni ko‘zda tutgan bo‘lib, asosan kunduzgi shaklda amalga oshiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekistonda oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan bosh muassasaning belgilangan namunadagi diplomi beriladi. Unda ta’lim Rossiya Federatsiyasi federal ta’lim standartlariga muvofiq bosh muassasa tomonidan tasdiqlanadigan o‘quv reja va ta’lim dasturlari asosida rus va ingliz tillarida olib boriladi.

Barcha darajadagi ta’lim dasturlari rus va ingliz tillaridan tashqari qo‘shimcha chet tilini o‘qitishni ko‘zda tutadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskva davlat xalqaro munosabatlar institutining Toshkent filiali sentabrdan ishga tushishi mumkinligi haqida xabar berilgan edi.