Ichki ishlar organlari mas’ul bo‘lgan uchinchi sektor vakillari fevral oyining birinchi haftasida 12 ming 466 xonadonga kirib bordi, deya xabar beradi O‘zA.

Foto: Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati

“Uyma-uy yurish asnosida 13 ming 716 muammo aniqlanib, ulardan 1,5 mingga yaqini joyida hal etildi, qolganlarini hal etish bo‘yicha zarur chora-tadbirlar ko‘rilmoqda. Sektorlar faoliyati yo‘lga qo‘yilgani joylardagi muammolarini hal etishda davlat organlarining mas’uliyatini oshirdi.

Bu tizim davlat organlarini aholi bilan yanada yaqinlashtirish, xalq bilan tizimli muloqotni yo‘lga qo‘yishda muhim omil bo‘ldi”, — deydi Ichki ishlar vaziri Po‘lat Bobojonov.

2019-yil 8-yanvarda O‘zbekiston Prezidentining “Hududlarni kompleks ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish bo‘yicha sektorlar faoliyatini yanada takomillashtirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilingani tizimda o‘ziga xos yangi bosqich boshladi.

Endilikda qaror asosida sektorlar faoliyati uchun mas’ul bo‘lgan tuzilmalar, shu jumladan, ichki ishlar organlarining sektorlar bo‘yicha faoliyatini takomillashtirishga qaratilgan bir qator chora-tadbirlar belgilab berildi.

Jumladan, sektorlar faoliyatiga “tuman (shahar) – viloyat – respublika” tamoyili joriy etildi. Unga ko‘ra, hokimliklar, prokuratura, ichki ishlar va soliq idoralarida sektorlar bo‘yicha vertikal boshqaruv tizimi yo‘lga qo‘yildi.

Sektorlar shtabi maqomi huquqiy jihatdan mustahkamlandi. Sektor rahbarining vakolati kengaytirildi.

Ular o‘z hududida aniqlangan muammolarni moliyalashtirish bo‘yicha so‘rovlar kiritish huquqiga ega bo‘ldi.

Bundan tashqari, sektor rahbarlari shtab a’zolarini rag‘batlantirish va ularni javobgarlikka tortish uchun hokimlikka hamda ish beruvchi tashkilotlarga ko‘rib chiqilishi majburiy bo‘lgan takliflar kiritadigan bo‘ldi.

Qaror asosida sektor rahbarlari va a’zolari faoliyatini baholash, ularni rag‘batlantirish hamda jazolash bo‘yicha adolatli tizim joriy etiladi.

Endilikda har yilning yakuniga ko‘ra, “Eng namunali sektor”, “Eng tashabbuskor sektor rahbari”, “Eng faol sektor shtabi a’zosi” nominatsiyalari bo‘yicha respublika tanlovlari o‘tkaziladi.