Farg‘onada 2019–2020-yillarda 27 ta mehmonxona qurib bitkaziladi. Bu mehmonxonalarda 1218 xona va 2714 o‘rin tashkil etilishi ko‘zda tutilgan, deb xabar bermoqda “Daryo” muxbiri Azizjon Ermatov.

Foto: “Daryo”

Prezidentning joriy yil 5-yanvardagi “Turizm tarmog‘ini jadal rivojlantirishga oid chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash maqsadida viloyat bo‘yicha umumiy qiymati 28,5 million dollarlik 27 ta investitsiya loyihasi ishlab chiqildi. Loyiha xarajatlarining 17,7 millioni tadbirkorlar, 2,6 millioni chet el investitsiyasi, 10,8 millioni esa kredit mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi rejalashtirilgan.

“2019-yilning 6 oyi davomida viloyatda 15 ta yangi mehmonxona qurib bitkaziladi. Qo‘qon shahrida Xalqaro hunarmandchilik festivali o‘tkazilishi munosabati bilan zamonaviy talablarga javob beradigan 10 ta mehmonxona qurilishi rejalashtirilgan. Shaharning Turkiston, Sarboz, Turon, Bog‘iston, Yangi hayot, Bo‘rchilik ko‘chalarida 80 o‘rindan 200 o‘ringacha bo‘lgan mehmonxonalar qurilishi boshlab yuborildi. Shuningdek, Marg‘ilon shahrida 4 ta, Rishton, So‘x tumanlari markazida bittadan zamonaviy ko‘rinishdagi mehmonxonalar bunyod etiladi”, – deydi viloyat qurilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Bahodir Xo‘jamatov.