BMT terrorizmga qarshi kurash bo‘limi boshlig‘i Vladimir Voronkov IShID dunyo bo‘ylab terrorchilik hujumlarini rejalashtirishda davom etmoqda, deya e’lon qildi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

“IShID bo‘limlarining maxfiy harakatlariga qaramasdan, uning markaziy rahbariyati o‘z ta’sirini saqlab qolmoqda. Rahbariyat xalqaro darajadagi hujumlarni ishlab chiqmoqda va guruhning maqsadini ilgari surishda avvalgidek muhim rol o‘ynayapti,” —  deydi Voronkov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, IShID mahalliy va hududiy darajadagi maxfiy tarmoqqa aylanishda davom etmoqda. Shu bilan u har qanday mahalliy barqarorlikka putur yetkazish niyatida.

“Bu narsa mojaroli hududlarni tark etgan yoki qamoqdan chiqmoqchi bo‘lgan xorijiy terrorchi jangarilarning borligi bilan yanada chuqurlashmoqda. Aynan shuning uchun qamoqxonalardagi radikallashuv Yevropa va Iroqda alohida muammo sifatida qaralmoqda,” — deya qo‘shimcha qildi u.

IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.