BMT bosh kotibining o‘rinbosari va Aksilterrorchilik boshqarmasi rahbari Vladimir Voronkov kuni kecha IShID yuzaga keltirayotgan tahdidlar haqidagi yangi hisobotni Xavfsizlik kengashi a’zolariga taqdim etdi, deb yozadi “Podrobno.uz”.
“IShID Markaziy Osiyoda o‘z faoliyati hududlarini kengaytirishga urinishlarni davom ettirmoqda”, — dedi Voronkov BMT Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida.
Uning hisobotida ma’lum qilinishicha, IShID Markaziy Osiyoda nafaqat o‘z faoliyati sohasini kengaytirmoqda, balki odamlar to‘planadigan joylarda, birinchi navbatda, Farg‘ona vodiysida terrorchilik aktlarini amalga oshirishga undamoqda.
Hisobotda ta’kidlanishicha, IShID bilan bog‘liq teraktlar sonining qisqarishi va terrorchilar nazorati ostidagi hududlarning kamayishiga qaramasdan, bu tashkilot hamon markazlashgan boshqaruvga ega bo‘lgan global tashkilot sifatida tahdid qilmoqda.
“Bu tahdidlar xorijlik jangarilar — terrorchilarning vataniga qaytishi, ular joylashuvining o‘zgarishi yoki qamoqxonalardan ozod etilishiga bog‘liq”, — deya ta’kidladi Vladimir Voronkov o‘z chiqishida.
IShID ekstremistik guruhi jahonning bir qator mamlakatlari va xalqaro tashkilotlar tomonidan “terrorchilik tashkiloti” deb topilgan.