O‘tgan hafta “Daryo” muxbiri Mirolim Isajonovning “Andijon shahar hokimi sektor hududidagi ko‘chada 1,5 yildan beri ichimlik suvi isrof bo‘lmoqda” nomli tanqidiy maqolasi e’lon qilingan edi. Unda Andijon shahrining “Sanoat” mahallasidagi Ne’matjon Umarov va Gogol ko‘chalari kesishmasidan o‘tgan suv quvuri yaroqsiz holatga kelib, uning chirishi va teshilishi natijasida 1,5 yildan beri toza ichimlik suvi isrof bo‘lib, oqib yotayotgani fotosuratlar bilan yoritilgandi.

Foto: “Daryo”

Tahririyatimizga mazkur maqola yuzasidan Andijon shahar “Suvoqava” filiali rahbari H.Alimov imzosi bilan yozilgan javob xati keldi.

Foto: “Daryo”

“Daryo” saytida e’lon qilingan maqoladan so‘ng filial mutaxassislari muammoni yana tegishli tartibda o‘rganishdi. MFYning Gogol ko‘chasidagi ichimlik suv qudug‘idagi diametri d-250 millimetrli ichimlik suv zadvijkasi hamda ichimlik suv tarmog‘i 50–60 yillar avval qurilib, o‘z xizmat muddatini o‘tab bo‘lganligi sababli nosozliklar kelib chiqayotganligi aniqlandi. Mazkur masalaning yechimini topish uchun shahar hududidagi aholi va boshqa turdagi iste’molchilarning 92% qismini yoki jami 75 ta MFYlarning suv ta’minotini vaqtinchalik to‘xtatib turish kerakligi tufayli ta’mirlash guruhi ishchi xodimlari tomonidan bartaraf etish ishlari joriy yilning mart–may oylarida amalga oshirish rejalashtirilmoqda.

Suv qudug‘idagi muammo vaqtincha yechim topdi. Uning atrofida o‘yilib, ko‘lmaklar hosil qilayotgan chuqurliklar shag‘allanib, asfalt yotqizildi”, deyiladi xatda.

Foto: “Daryo”