Yadroviy reaktor Tojikistonda 2020-yilgacha ishga tushiriladi, deya xabar beradi “Asia-Plus”.

“Argus”
Foto: G‘ofur Shermatov

“‘Argus’ yadro reaktori joylashgan binoning ishlari yakunlangan”, — deydi Tojikiston Fanlar akademiyasi prezidenti Farhod Rahimiy Dushanbe shahrida bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida.

Uning so‘zlariga ko‘ra, reaktorni tiklash bo‘yicha ishlar davom etmoqda va uni boshqarish uchun mahalliy mutaxassislar chet elda tayyorlanadi.

“Reaktorni boshqaradigan xodimlarni tayyorlash muhim masala. Shu maqsadda biz “Xitoyatom” va “Rosatom” bilan kelishuv imzoladik”, — deydi Rahimiy.

Reaktor joylashuvining o‘rni Foto: “Asia-Plus”

Uning so‘zlariga ko‘ra, ba’zi mutaxassislar Moskva muhandislik-fizika instituti va fizika-texnika instituti ilmiy-tadqiqot institutlarida, shuningdek, yana 23 nafar mutaxassis Xitoy atom energetikasi instituti va Shanxayning yadro tadqiqotlari institutida o‘qitiladi.

Mutaxassislar tanlangan, ularning nomzodlari institutlar bilan kelishilgan, yaqin kunlarda ular mashg‘ulotlar o‘tash uchun jo‘nab ketadi.

“Reaktorda ta’mirlash ishlari yakuniga yetgach, mutaxassislar uni boshqarishga tayyor bo‘ladi”, — deydi Tojikiston Fanlar akademiyasi prezidenti.