Venesuela prezidenti Nikolas Maduro qurolli kuchlari va ko‘ngillilar ishtirok etadigan fuqarolik-harbiy mashg‘ulotlari boshlanganini e’lon qildi. Bu haqda “Korrespondent.net” xabar bermoqda.

Foto: Facebook / Nicolas Maduro

Mashg‘ulotlar 15-fevralga qadar davom etadi. Maduroga ko‘ra, ular “mamlakatning 200 yillik tarixidagi eng yirik va keng ko‘lamli” bo‘ladi. Uning o‘zi Miranda shtatiga borib, harbiylar bilan uchrashdi va harbiy texnika namunalari bilan tanishdi.

Mashqlarning ilk bosqichida 5 ming nafar jangchi qatnashdi. Ular havodan hujumni bartaraf etish harakatlarini amalga oshirdi.

Venesuela rasmiylari mazkur mashg‘ulotlardan maqsad tashqi tahdid sharoitida mamlakat qurolli kuchlari tayyorgarligini tekshirishdan iborat ekanligini ta’kidlamoqda.