Samarqand viloyati nogironlarni reabilitatsiya qilish markazida Rossiyaning Sankt-Peterburg shahridagi R.R.Vreden nomli travmatologiya va ortopediya ilmiy-tekshirish instituti professori, tibbiyot fanlari doktori V.Usikov tomonidan bemorlarning tibbiy ko‘rigi va murakkab jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bu haqda “Zarnews” xabar bermoqda.

Foto: “Zarnews”

Rossiyalik professor besh kun davomida 300 ga yaqin bemorni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazib, ularga maslahat va tavsiyalar berdi.

“Kuniga 30—35 nafar bemorni ko‘rikdan o‘tkazib, kunning ikkinchi yarmida operatsiya qilyapmiz, — deydi viloyat nogironlarni reabilitatsiya qilish markazi jarrohlik bo‘limi boshlig‘i Farhod Botirov. — Hozircha umurtqa pog‘onasi kasalliklari bo‘lgan to‘rt nafar bemorda jarrohlik amaliyotlari o‘tkazildi. Bemorlar o‘zlarini yaxshi his qilmoqda”

“Bu operatsiyalar juda murakkabligi bilan boshqalaridan farqlanadi, — deydi V.Usikov. — Amaliyotni o‘ta ehtiyotkorlik bilan amalga oshirish zarur. Mazkur muassasada mahoratli shifokorlar ko‘p ekan. Ular bilan hamkorlikda ishlab, ijobiy natijalarga erishayapmiz”.

Xorijlik shifokor mahalliy mutaxassislarga mahorat saboqlarini ham o‘tmoqda.