Joriy yil 21-yanvar kuni “Kasbi paxta tozalash” aksiyadorlik jamiyatining tarozixonasidagi kuzatuv kamerasi soat 11:56 dan 12:58 gacha bo‘lgan vaqt oralig‘ida ishlamagan. Bu haqda “Qashqadaryo” gazetasi saytida ma’lum qilindi.

Foto: “Qashqadaryo”

Bosh prokuratura huzuridagi Agrosanoat majmui va oziq-ovqat xavfsizligi ta’minlanishi ustidan nazorat qilish inspeksiyasi viloyat boshqarmasi xodimlari mazkur holat yuzasidan korxonada tekshiruv o‘tkazdi.

Tekshiruvda aniqlanishicha, korxonaning mansabdor shaxslari oldindan o‘zaro til biriktirib, kuzatuv kamerasini bir soatdan ko‘proq vaqt davomida o‘chirib qo‘ygan. Bu vaqt davomida umumiy narxi 213 million so‘mdan oshiq bo‘lgan texnik chigit soxta hujjatlar yordamida noqonuniy ravishda korxonadan chiqarib yuborilgan va keyinchalik guruh a’zolari tomonidan talon-taroj etilgan.

Ayni vaqtda “Kasbi paxta tozalash” AJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, ish viloyat prokuraturasiga yuborilgan.