2019-yil 1-fevral kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy viloyati Karmana tuman sudining ochiq sayyor sud majlisida Karmana tuman “Ziyokor“ MFY binosida raislik qiluvchi sudya A.Saydullayev boshchiligida fuqaro H.Sharipovga nisbatan jinoyat ishi ko‘rilib, hukm o‘qildi. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

H.Shokirov 5 dona 100 kupyuradagi jami 500 AQSh dollarini qalbakilashtirib, 2018-yil 26-iyul kuni ertalab o‘zi tomonidan yasalgan qalbaki 400 AQSh dollarini tanishi F.Shoimov orqali Samarqand viloyatida noma’lum shaxslarga o‘tkazib, shu kuni Karmana tumani hududida joylashgan “Kapital” kafesiga kiradi va qolgan 100 AQSh dollarini o‘tkazish maqsadini ko‘zlagan vaqtida Navoiy viloyati IIB hamda tuman IIB JQB xodimlari tomonidan ashyoviy dalillar bilan jinoyat ustida qo‘lga olingan.

Jinoyat ishi yuzasidan mavjud dalillar va guvohlar ko‘rsatmalari har taraflama, sinchiklab tekshirilib, O‘zbekiston Respublikasi JPKning 211,454-457, 460, 463, 465-468, 471, 473,476-moddalariga amal qilgan holda O‘zbekiston Respublikasi JKning 176-moddasi 1-qismi bilan sudlanuvchi H.Shokirovga nisbatan 2 yil muddatga, soat 22:00 dan ertalabki 07:00 gacha bo‘lgan davrida yashash joyidan chiqishni cheklashdan iborat bo‘lgan ozodlikni cheklash jazosi tayinlandi. Shuningdek, ozodlikni cheklash jazosini o‘tash davrida yana qo‘shimcha cheklash taqiqlar ham qo‘llanildi.

Jinoyat ishi bo‘yicha ashyoviy dalil deb topilgan, bir dona LB 93095088R B2 seriya raqamli 100 kupyuralik AQSh dollaridan nusxa olinib, asl nusxasi tegishli tartibda yo‘q qilindi.