N. Aliyeva (ism-familiyalar o‘zgartirildi) ikki nafar farzandning onasi, xususiy korxona rahbari bo‘lsa-da, firibgarlik, poraxo‘rlik kabi jinoyatlarni sodir etganligi uchun uch marotaba sudning qora kursisini ko‘rishga ulgurdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto:O‘zA

N. Aliyeva sinfdoshi M.Ashurovni Qo‘qon shahridagi harbiy qismga haydovchilik vazifasiga ishga kirish uchun hujjat tayyorlab yurganligidan xabar topadi. Shundan so‘ng sinfdoshiga ushbu harbiy qismda yuqori lavozimda ishlovchi tanishlari borligi, shu orqali ishga kirishga yordam berishini aytib, oldindan 150 AQSh dollari, ishga kirgach esa yana 150 AQSh dollar berishini talab qiladi. Agar shu pulni bermasa, umuman ishga kira olmasligini uqtiradi.

Uchko‘prik tumanida joylashgan “Ishonch” kredit savdo do‘koni oldida sinfdoshining turmush o‘rtog‘idan kimyoviy ishlov berilgan 150 AQSh dollarini olgan vaqtda Departamentning Qo‘qon shahar bo‘limi, DXX Qo‘qon chegara rayon bo‘yicha harbiy kontrrazvedka bo‘limi xodimlari bilan hamkorlikda o‘tkazilgan tezkor tadbirda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olindi.

Sud majlisida sudlanuvchi, jabrlanuvchi va guvohlarning ko‘rsatuvlari eshitildi.

N. Aliyeva sudda 150 AQSh dollarini qarzga olganligini vaj qilib keltirsa-da, uning ushbu jinoyatni sodir etganlikdagi aybi, jinoyat ishidagi stenogramma, ekspertiza xulosasi, ashyoviy dalilni olish bayonnomasi hamda ish materiallarida to‘plangan boshqa xolis dalillar bilan to‘liq o‘z isbotini topdi.

Sud hukmi bilan N. Aliyevaga nisbatan ozodlikni cheklash jazosi tayinlanib, u yashab kelayotgan mahalla fuqarolar yig‘iniga xususiy ajrim chiqarish orqali munosabat bildirildi.