Ayni kunlarda Farg‘ona shahrining Alisher Navoiy, Sohibqiron Temur va Farobiy ko‘chalari kesishmasida joylashgan ikki qavatli uylar buzilyapti. Xalq tili bilan aytganda, “Gidrolizniy” shaharchasidagi bu uylarning buzilishiga nima sabab bo‘ldi?

Foto: “Daryo”

Farg‘ona shahar hokimining 2019-yil 8-yanvardagi qaroridan ma’lum bo‘lishicha, A.Navoiy, S.Temur va Farobiy ko‘chalari kesishmasida joylashgan 2 qavatli ma’nan eskirgan ayrim turar va noturar binolarni buzish, buzilishdan bo‘shagan yer maydonlarini shahar yer zaxira fondiga qaytarish belgilangan.

Qarorga ko‘ra, A.Navoiy ko‘chasidagi 30, 32, 32 “a”, 34, 36, 38, 38 “a”, 40-sonli, Farobiy ko‘chasidagi 3, 5-sonli, S.Temur ko‘chasidagi 34, 36-sonli 2 qavatli jami 12 ta uy buzilishga tushgan.

Shahar hokimining qarorida tegishli tashkilotlarning ushbu uylarda yashash belgilangan talablarga javob bermasligi haqidagi xulosalari buzish uchun asos qilib olingan. Xo‘sh, buzilayotgan uylar yashash xavfsizligiga javob berarmidi?

Arxitektura, yong‘in xavfsizligi xizmati, davlat sanitariya epidemiologiya nazorati markazi mutaxassislarining xulosalariga qaraganda, buzilayotgan ushbu ikki qavatli uylar 1946–1947-yillarda temir beton bog‘lamalarsiz qurilgan. Bu uylarda yerto‘la qurilishi inobatga olinmagani oqibatida binoda zax, xonadonlar pol qismida ko‘tarilishlar, imoratda qisman cho‘kish holatlari sodir bo‘lgan. Qurilishda yog‘och to‘sinlardan foydalanilgan va uning yaroqlilik muddati 25 yil hisoblanadi. Uylar qurilganiga esa 70 yildan oshgan.

Bu gaplar qanchalik haqiqatga yaqinligini bilish maqsadida “Daryo” muxbiri uylarni buzayotgan ustalarning ishi bilan tanishdi.

Foto: “Daryo”

“Mana shu chirigan yog‘ochlarni ham rasmga oling, uyning tomini buzganimizda chiqdi. Bunga o‘xshab zo‘rg‘a turgan yog‘och to‘sinlar ko‘p ekan. Uylar ichkaridan sho‘rlagan, birinchi qavatlarning holati juda yomon. Chunki, bu uylarda podval yo‘q, pollari chirib ketgan. Bir-biriga zax o‘tib yotibdi, yorilgan joylar bor”, – deydi ishchilardan biri.

Uyi buzilayotgan oilalarga nima taklif etilmoqda?

Uyi buziladigan xonadon egalariga Farg‘ona shahar Registon ko‘chasidagi 3 va 4-uylardan xonadonlar taklif qilinmoqda. Shahar hokimligi vakillari bilan o‘sha manzilga bordik. Buzilayotgan uylar yonidan yangi uylar joylashgan yerga yetib olishga besh daqiqacha vaqtimiz ketdi.

Registon ko‘chasidagi yangi uylar.
Foto: “Daryo”

Ayni kunlarda Registon ko‘chasidagi uylarda “Gidrolizniy”dan ko‘chib borgan 54 oila yashamoqda. Xonadonlarga kirib, yangi ko‘chib kelganlarning yashash sharoiti bilan tanishdik.

Gulnora Qosimova ikki farzandi bilan yangi uyga ko‘chib o‘tganini, ikki xonali uyi o‘rniga uch xonali uy ajratishganini, bu yerdagi sharoitlardan xursandligini, gaz va elektrdan uzilishlar yo‘qligini aytdi.

Farobiy ko‘chasidagi ikki qavatli 3-uyning 25-xonadonida yashagan Hayot Qosimov ikki xonali uyi o‘rniga uch xonali uyga ko‘chib o‘tibdi. U yangi uyning kadastr hujjatlarini qisqa vaqt ichida to‘g‘rilab berishganini aytdi.

Registon ko‘chasidagi uylar.
Foto: “Daryo”

Yangi uylardagi kvartiralarda kommunal muammolar yo‘q, alohida isitgichlar qo‘yilgan, yaxshi ta’mirlangan, barcha qulayliklarga ega, “Farg‘ona” xalqaro aeroportiga yaqin. Tez orada uylarning 1-qavatida bog‘cha, poliklinika ishga tushadi. Yaqin atrofda 40-umumta’lim maktabi, 62-bog‘cha va sanoat kolleji joylashgan. Hozir ham “Parvoz” umumta’lim maktabi qoshida bolalar bog‘chasi ishlayapti. Qo‘shimcha avtobus va Damas qatnovi yo‘lga qo‘yildi. Uy yonidagi yo‘ldan 6 yo‘nalishda avtobus qatnaydi.

Yangi uylar pishiq g‘ishtdan qurilgan, xonalar taxtapol bilan qoplangan. Yangi uylar buzilishga tushgan eski uylarga nisbatan kengroq, ya’ni 2 xonali 53 kv metr bo‘lgan eski uy o‘rniga yangi 3 xonali 70 kv metr bo‘lgan uylar ajratilyapti. Yangi uylarning yashash maydoni katta bo‘lgani uchun kompensatsiya to‘lash ko‘zda tutilmagan. Uylarga egalik huquqini beruvchi kadastr hujjatlari bepul tayyorlab berilyapti.

Odamlarni yangi uylarga ko‘chirishda ularning yana bir iltimosi inobatga olindi. Gap shundaki, ko‘p yillar mobaynida qo‘ni-qo‘shni bo‘lib yashagan oilalar yangi uylarda ham iloji boricha bir-birlariga yaqin bo‘lib yashash istagini bildirishdi. Shu tariqa eski qo‘shnilar yangi uylarda ham imkon qadar bitta yoki qo‘shni ko‘p qavatli uylarga joylashtirilyapti.

Sharifjon Niyazmetov, Farg‘ona shahar hokimi o‘rinbosari

Registon ko‘chasidagi uylar.
Foto: “Daryo”

Biroq, buzilayotgan uylarda yashovchi bir necha oila shahar hokimligi tomonidan taklif etilayotgan Registon ko‘chasidagi xonadonlarga ko‘chib o‘tishni istamayapti.

Ko‘chishdan bosh tortayotgan oilalar nimadan norozi?

Aholi bilan suhbatlashganimizda, ular asosan yangi berilayotgan uylarning shahar markazida emasligiga, maktab, bog‘cha, ishxonadan uzoqligiga e’tiroz bildirishdi.

38-uyda 3 ta oila qoldik. Qo‘shnilarim Habibullo Abdullayev, Bogdan Bubnyak va men.

Aslida uyimiz buzilishiga, o‘rnida investorlar tomonidan zamonaviy binolar qurilishiga qarshi emasman. Lekin hozirgi uyimiz shahar markazida bo‘lgandan keyin, markazdan uy berishlari kerak-da. Hokimiyat taklif qilayotgan uy esa shahar chetida, transport qatnovi qiyin.

Qulay bo‘lgani uchun ham markazdan uy olganman. Bolalar maktabga, repetitorga qiynalmasdan borib kelishi uchun. Katta farzandim 9-, kichigi 10-maktabga boradi. Ikkala maktab ham uyimiz yaqinida, bir-ikki ko‘cha narida joylashgan.

Mana, markazda qancha yangi uylar qurilyapti. Qurilishi endi boshlangan uy bo‘lsa ham mayli, bitgunicha ijarada yashab turaveramiz.

Hozir yashab turgan uyimiz 97 kvadrat metr. Biz shunga teng uy berishsin, deb turib olganimiz yo‘q. Besh-o‘n kvadrat metr kichikroq bo‘lsa ham, shahar markazidan uy berishsin.

Jamshid Tursunov 38-uy, 2-xonadon egasi

Foto: “Daryo”

Uyim 3 xonali, bir o‘zim yashayman. Shaxsan men yangi uyga ko‘chib o‘tishga qarshi emasman. Lekin uyimiz shahar markazida joylashganmi, o‘rniga beriladigan uy ham markazda bo‘lsin. Shuncha yil markazda yashab o‘rganganmiz, ishga, bozorga piyoda borib kelganmiz.

Hokimiyat berayotgan uylar shahar chetida ekan. Shuning uchun ko‘chmay turibman. Markazdan ham ikki marta uy taklif qilishdi. Bittasi bir xonali ekan, rozi bo‘lmadim. Ikkinchisi katta yo‘ldan ancha ichkarida joylashgan ekan.

Olga Ivleva, 32-uy, 3-xonadon egasi

87 yoshdaman. 33 yil bolalar uyida ishladim. Sog‘ligim yaxshi emas. Menga o‘xshagan keksa odamga kasalxona, dorixona yaqin bo‘lgani qulay.

Yuqori qavatlarga chiqib, tushishga qiynalaman. Shuning uchun birinchi yo ikkinchi qavatdan uy berishsin. Shahar markazidan bo‘lsin.

Gulfani Gilmanova, 36-uy, 6-xonadon egasi

Hozircha ko‘chishdan bosh tortayotgan oilalar ularga taklif qilinayotgan yangi uylarni buzilayotgan uylariga nisbatan arzon va shahar markazidan chetdaligini aytishmoqda.

Ular o‘zlari yashab turgan uy qiymatiga teng yoki undan arzonroq, kichikroq bo‘lsa-da, shahar markazidan uy berilishini talab qilmoqda.

Foto: “Daryo”

Ikki ayolga markazdan uy berildi

30, 32, 36 va 38-uylarda taklif etilayotgan yangi uylarga ko‘chishni istamayotgan 10 oila yashayotgan edi. 10-fevral kunigacha ikki oila shahar markazidan uy olib, ko‘chib o‘tdi.

Alisher Navoiy ko‘chasidagi 36-uyning 3-xonadonida yashovchi Svetlana Tursunovaga shahar hokimligi tomonidan Registon ko‘chasidagi 4-uyning 1-xonadoni taklif etilgan. Biroq u bu uyga ko‘chib o‘tishdan bosh tortgan. Shundan so‘ng unga hokimiyat vositachiligida almashtirish yo‘li bilan shahar markazidan uy topib berildi.

Xalq tilida “Harbiylar shaharchasi” deb ataladigan mavzeda joylashgan 50 “v” uydagi xonadon ma’qul keldi. Beshinchi qavatda, 3 xonali uy, maydoni 70 kvadrat metr atrofida. Bu yerdagi uyim 2 xonali, 50 kvadrat metr edi. To‘g‘ri, ko‘chib o‘tayotgan uyim ta’mirtalab ekan. Lekin shahar markazida joylashgani uchun rozi bo‘ldim. Temir eshikni, akfa romlarini ham ko‘chirib, olib ketyapman. O‘sha uyni ta’mirlab, keyin o‘rnatamiz.

Biz ko‘chib o‘tayotgan uy egalariga Registon ko‘chasidagi yangi uy ma’qul keldi. O‘zaro kelishib, uylarni almashtirdik. Kecha notarius orqali uyni o‘z nomimga rasmiylashtirib berishdi. Mana, bugun ko‘chyapmiz.

Svetlana Tursunova

Foto: “Daryo”

38-uyning 6-xonadonida yashovchi E’tibor Abdullayeva ham o‘ziga taklif etilgan yangi uyni shahar markazidagi uyga almashtirdi.

Menga taklif qilishgan uy ham yomon emasdi – yangi qurilgan, qulay, deyishdi. Lekin oltmish yoshda o‘rganib qolgan joyingdan ko‘chish qiyin ekan. Uning ustiga sog‘lig‘im yaxshi emas. Shuning uchun markazga yaqinroqdan uy berishlarini so‘radim.

Bir oilaga hokimiyat menga taklif qilgan Registon ko‘chasidagi 3-uyning 25-xonadoni yoqdi – qarindoshlari o‘sha yerda ekan. Menga esa, uning shahar markazidagi uyi ma’qul keldi. Shahar hokimligi vakillari yordamida ikki tomon rozi bo‘lib, uylarni almashtirdik. Uy hujjatlarini rasmiylashtirib, ko‘chib o‘tdim.

E’tibor Abdullayeva

Buzilishga tushgan uylarda shu kungacha yashab kelayotgan 8 oila ham shahar markazidan uy berilishini kutmoqda.

Buzilayotgan uylar o‘rnida kim nima quradi?

Farg‘ona shahar hokimining qarorida ko‘rsatilgan 12 ta uy to‘liq buzilsa, shahar markazida qariyb 21 ming kvadrat metr bo‘sh maydon paydo bo‘ladi. Ko‘chirilayotgan aholi o‘rtasida bu borada ham turli gap-so‘zlar yuribdi – buzilayotgan uylarimiz o‘rnida nima quriladi, investorlar kimlar o‘zi?

Viloyat hokimligidan olingan ma’lumotga ko‘ra, bu yerda “Chung Construction Design Group” kompaniyasi tomonidan qiymati 98 mln dollardan ortiq loyiha asosida 500 o‘rindan iborat 21 va 18 qavatli mehmonxona, 10 qavatli biznes markazi hamda savdo majmuasi qurilishi rejalashtirilgan.

2018-yil 23−26-iyul kunlari Farg‘ona viloyat hokimligi delegatsiyasi Janubiy Koreyada bo‘lib, “Chung Construction Design Group” kompaniyasi vakillari bilan Farg‘ona shahrida besh yulduzli mehmonxona va zamonaviy ko‘p qavatli turar joy komplekslarini loyihalash va qurish bo‘yicha dastlabki kelishuvga erishgan. Bu borada viloyat hokimligi va kompaniya o‘rtasida memorandum imzolangan.

Joriy yilning 25-yanvar kuni kompaniya vakillari Farg‘ona viloyatiga kelgan. Janubiy koreyaliklar tashrifi vaqtida Farg‘onada “Fergana complex City” loyihasini amalga oshirish bo‘yicha og‘zaki kelishuvga erishilgan. Shu kuni Farg‘onada kompaniya vakillari tomonidan bu loyihani amalga oshirish uchun “Chung group – TGDG” nomi bilan yangi xorijiy korxona tashkil qilinib, davlat ro‘yxatidan o‘tkazilgan.

Viloyat hokimligi vakilining ma’lum qilishicha, jarayon hali muzokara bosqichida va loyiha bo‘yicha rasmiy hujjat qabul qilinmagan.

Buzish ishlari vaqtinchalik to‘xtatildimi?

Birinchi bosqichda A.Navoiy ko‘chasidagi 8 ta turar va 4 ta noturar joy binolarini buzish ishlari boshlangan edi. 10-fevralgacha 3 ta uy to‘liq buzilgan, bitta uyni buzish ishlari davom etmoqda.

30, 32, 36 va 38-uylarda esa hozircha yangi uylarga ko‘chishni istamayotgan 8 oila yashamoqda. Ular yangi uy bilan ta’minlangunga qadar bu 4 ta uyni buzish ishlari vaqtincha to‘xtatilgan.

Foto: “Daryo”

Ma’lum bo‘lishicha, prokuratura tomonidan shahar hokimligiga 8 ta xonadon egalari bilan Vazirlar Mahkamasi qarorida belgilangan tartibda kelishuv bitimi tuzgandan keyin ko‘chirish ishlarini amalga oshirish majburiyati yuklatilgan.

Hozircha Farg‘ona markazida – “Gidrolizniy” shaharchasidagi vaziyat shunday. “Daryo” voqealar rivojini kuzatib boradi...