“O‘ztransgaz” aksiyadorlik jamiyati Andijon viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali tomonidan aholiga tabiiy va suyultirilgan gaz yetkazib berish borasida e’tiborga molik ishlar qilinmoqda, deb yozadi O‘zA.

Foto: O‘zA

“Viloyatda namunali loyihalar asosida barpo etilgan 1 ming 205 ta uy-joyning 564 tasiga texnik hujjat tayyorlanib, 12,7 kilometr uzunlikda gaz quvuri tortildi va tabiiy gaz bilan ta’minlandi, 641 ta yangi xonadonga suyultirilgan gaz balloni yetkazib berildi”, — deydi “O‘ztransgaz” AJ Andijon viloyati bo‘yicha gaz ta’minoti hududiy filiali rahbari Davronbek Salohiddinov.

Ana shu ishlar natijasida aholiga gaz yetkazib berish tubdan yaxshilandi.

Shuningdek, o‘tgan yili Andijon shahrida qurilgan ko‘p qavatli 14 ta uy, shuningdek, harbiylar, ichki ishlar va favqulodda vaziyatlar tizimi xodimlari uchun qurilgan 9 ta ko‘p qavatli xizmat uylariga 2,32 kilometrlik gaz quvuri tortilib, uylar to‘la gazlashtirilgan.

Kuz-qish mavsumida gaz ta’minoti tizimining barqaror ishlashini ta’minlash maqsadida 3 ming 649 ta gaz taqsimlash qurilmasi texnik ko‘rikdan o‘tkazildi. 152,9 kilometrlik gaz tarmog‘i yuqori bosim ostida sinovdan o‘tkazilib, tozalandi.

Aholiga viloyatdagi beshta gaz to‘ldirish punkti orqali suyultirilgan gaz yetkazib berilmoqda. Xususan, 2017-yilda 34 ming 777 tonna suyultirilgan gaz yetkazib berilgan bo‘lsa, o‘tgan yili bu ko‘rsatkich 42 ming 578 tonnani tashkil etdi.

Yanada qulaylik yaratish, suyultirilgan gaz bilan ta’minlanish darajasini yaxshilash maqsadida suyultirilgan gaz balloni tarqatishga mo‘ljallangan 7 ta ISUZU rusumli, 27—30 tonna hajmdagi suyultirilgan gaz tashuvchi 7 ta MAN rusumli maxsus avtotransport vositasi xarid qilinib, gaz to‘ldirish stansiyalari ixtiyoriga berildi. Shuningdek, Shahrixon, Qo‘rg‘ontepa va Asaka tumanlaridagi gaz to‘ldirish punktlari hududlarida maishiy gaz ballonlarini texnik sinovdan o‘tkazish va ta’mirlash markazlari tashkil etildi. Amalga oshirilayotgan tizimli ishlar natijasida aholini tabiiy gaz bilan ta’minlash borasidagi muammolar bartaraf qilindi.

Buloqboshi tumanida aniqlangan 2 ta yangi gaz koni ishga tushirildi. Tuman hududidagi yer osti gaz tarmog‘i qayta rekonstruksiya qilinib, 1,5 kilometrlik gaz quvuri tortildi. Natijada 6 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan hududning tabiiy gaz ta’minoti tubdan yaxshilandi. Bundan tashqari, Asaka tumanida 2 kilometr yer osti gaz tarmog‘i ta’mirlanib, mingdan ortiq xonadonga xavfsiz tabiiy gaz yetkazib berilmoqda.