Istanbuldagi sakkiz qavatli binoning qulashi oqibatida halok bo‘lganlar soni 21 kishiga yetdi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soyluga tayanib, “RIA Novosti” xabar bermoqda.

Foto: Reuters

Uning ta’kidlashicha, vayronalar ostidan 14 nafar jarohatlanganlar olib chiqilgan. Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, hodisa vaqtida binoda 35 kishi bo‘lgan, ularning barchasi topilgan. Qidiruv-qutqaruv ishlari esa davom ettiriladi.

Avvalroq, Istanbul gubernatori Ali Yerlikayya qutqaruv amaliyotida turli idoralardan 500 ga yaqin xodimlar ishtirok etganini, prokuratura favqulodda holat bo‘yicha tergov o‘tkazganligini ma’lum qilgan edi. Binoning qulashiga ehtimoliy sabab sifatida esa yuqori qavatlardagi noqonuniy qurilmalar keltirilmoqda. Turkiyaning atrof-muhit va shaharsozlik vaziri Murat Qurumning aytishicha, uyning qurilishida ishlatilgan betonda katta miqdorda dengiz qumi topilgan.

Eslatib o‘tamiz, Turkiyaning Istanbul shahridagi sakkiz qavatli bino 6-fevral kuni qulab tushgan edi.