10-fevral, yakshanba kuni futbol bo‘yicha Angliya premyer ligasi 26-turining markaziy o‘yini Manchester shahrida bo‘lib o‘tadi.

Foto: Google Images

Unda “Liverpul”ning ketma-ket 2 ta omadsiz (durang) o‘yinlaridan so‘ng APL musobaqa jadvalida 2 kun bo‘lsa ham peshqadamlik qilgan Xosep Gvardiola boshliq “Manchester Siti” jamoasi Londonning “Chelsi”sini qabul qiladi. Keling, 26-turning markaziy o‘yini “Siti”—“Chelsi” bahsiga batafsilroq to‘xtalamiz.

Uchrashuvlar tarixi

Foto: Google Images

Mazkur to‘qnashuv “shaharliklar” va “aristokratlar” o‘rtasidagi 160-o‘yin bo‘ladi. Hozircha statistika London klubi foydasiga. “Chelsi” shu kunga qadar “Siti” ustidan 65 ta o‘yinda g‘alaba qozongan. 39 ta uchrashuvda tomonlar sulhga rozi bo‘lgan bo‘lsa, 55 ta bellashuvda Manchester shahri jamoasining qo‘li baland kelgan. To‘plar nisbati ham “Chelsi”ning ustunligini ko‘rsatmoqda — 220-200.

Jamoalar 2018/19-yilgi mavsumda 2 bor to‘qnash kelishga ulgurdi. Birinchisi mavsum avvalida sodir bo‘ldi. 2018-yilning 5-avgustida “Siti” Angliya Supekubogi doirasida “Chelsi”ni 2:0 hisobida taslim qilgan, Serxio Aguero bo‘lsa dublga erishgandi. Ular o‘rtasidagi so‘nggi to‘qnashuv 2018-yil 8-dekabr sanasiga to‘g‘ri kelib, bu safar “ko‘klar” Ngolo Kante hamda David Luisning gollari evaziga 2:0 hisobidagi g‘alabani tantana qilgandi.

Musobaqa jadvalidagi holat

“Manchester Siti”

“Siti” hafta o‘rtasida “Everton” mehmoni bo‘lib, Aymerik Lyaport hamda Gabriel Jezuslarning gollari sabab 3 ochkoga ega bo‘ldi. Uchrashuv aslida 23-fevral kuni o‘tkazilishi lozim edi, biroq “Man Siti” 24-fevral kuni Angliya Liga Kubogi musobaqasi finalida yana “Chelsi” bilan bahs olib boradi. Shu boisdan mazkur o‘yin 6-fevralga surildi. Ushbu o‘yindagi g‘alaba sabab “Siti” vaqtincha bo‘lsa ham APL (62 ochko bilan) musobaqa jadvalida peshqadam bo‘lib turdi. Gvardiola jamoasi o‘z maydonida o‘tgan 13 ta o‘yinning barchasida g‘alaba qozonib, 36 ta ochko jamg‘argan. 43 ta gol urib, 11 ta gol o‘tkazgan, xolos. “Siti” APLda hozircha eng ko‘p gol urgan jamoa bo‘lib turibdi — 68 ta. O‘tkazib yuborilgan gollar soni esa 20 tani tashkil etmoqda. Bu borada “shaharliklar” faqat “Liverpul”dan orqada. “Qizillar” atigi 15 ta gol o‘tkazib yuborgan.

“Chelsi”

“Chelsi” 25-turda “Haddersfild”ni o‘z maydonida qabul qildi va yirik 5:0 hisobida g‘alaba qozonib, o‘tgan turda “Bornmut”dan qabul qilingan 0:4 hisobidagi mag‘lubiyat uchun muxlislari oldida yuzini biroz bo‘lsa-da yorug‘ qilib oldi. Uchrashuvda qishki transferlar oynasi vaqtida “Yuventus”dan ijaraga olingan Gonsalo Iguain dublga erishdi. Shunigdek, jamoa lideri Eden Azar ham o‘z nomini tabloga ikki bor yozdirib qo‘yishni uddaladi. Yana bir gol esa himoyachi David Luis hisobiga yozildi. Mazkur gol sabab Mauritsio Sarri shogirdlari o‘z ochkolari sonini 50 taga yetkazib, 4-o‘ringa chiqib olgandi. Ammo “Manchester Yunayted”ning 26-turda “Fulhem” ustidan g‘alabasi “aristokratlar”ni yana 5-o‘ringa ravona qildi. Sarri jamoasi shu kunga qadar APL joriy yilgi mavsumida safarda 12 ta o‘yin o‘tkazdi. Ularda esa 22 ochko to‘plashning uddasidan chiqdi. 19 ta gol urib, 14 ta gol o‘tkazdi. Safardagi 2 ta o‘yinda ular bitta ham gol ura olmasdan yutqazdi. “Arsenal”ga 0:2, “Bornmut”ga esa 0:4.

Tarkiblardagi muammolar

“Manchester Siti”

“Shaharliklar”ga mazkur bahsda jarohati bois Klaudio Bravo (aslida uning yo‘qligi deyarli bilinmaydi, boisi zaxira posboni), himoyachilar — Benjamen Mendi hamda Vensan Kompani yordam bera olmaydi. Qolgan futbolchilar esa o‘yinga to‘liq tayyor.

“Chelsi”

“Aristokratlar” safida jarohati sabab Marko van Ginkel, Gari Kehill va Kallum Hadson-Odoi (ularning hech biri asosiy tarkib futbolchisi emas) maydonga tusha olmaydi.

Uchrashuv hakami

Foto: Google Images

26-tuning markaziy bahsini tajribali va qattiqqo‘l hakam Mayk Din boshqarib boradi. Din 2018/19-yilgi mavsumda 19 ta o‘yinda ishladi. U bu bahslarda 85 ta sariq kartochka ko‘rsatib, 9 marta o‘yinchilarni qizil kartochka bilan siyladi. U boshqargan o‘yinlarning 21% da penalti belgilangan. Bugun ham 11 metrlik jarima zarbasini ko‘rish ehtimoli yo‘q emas. Shuningdek, Din bugun faoliyatidagi 100-qizil kartochkasini ko‘rsatishi mumkin. Qayd etish joiz, Din hozirgacha “Siti” va “Chelsi”dan bir xil — 9 nafardan o‘yinchini maydondan chetlatishga ulgurgan. Xullas, bugun hakamlik ham ajoyib bo‘ladi.

Qiziqarli faktlar

  • “Manchester Siti” APL doirasida o‘z maydonida o‘tgan so‘nggi 14 ta uchrashuvda kamida 2 tadan gol urdi;
  • “Manchester Siti” APL doirasida o‘z maydonida o‘tgan so‘nggi 14 ta uchrashuvning 13 tasida g‘alaba qozondi;
  • “Chelsi” o‘tgan turda 5 ta gol urdi. Bu “ko‘klar” uchun APL tarixida 5 tadan kam gol urilmagan 37-o‘yin bo‘ldi;
  • “Chelsi” APLning so‘nggi 10 ta mavsumida “Manchester Siti”ni ham uyda ham safarda eng ko‘p yutgan jamoa;
  • Gvardiola APL doirasida “Chelsi”ga 3 marta yutqazgan, u faoliyati davomida boshqa hech bir klubga bunchalik ko‘p mag‘lub bo‘lmagan.

Taxminiy tarkiblar

“Manchester Siti”: Ederson – Uoker, Stouns, Otamendi, Lyaport – de Bryuyne, Fernandinyo, David Silva – Sterling, Aguero, Sane

“Chelsi”: Kepa – Aspilikueta, Ryudiger, David Luis, Alonso – Kante, Jorjinyo, Kovachich – Villian, Iguain, Azar

O‘yindan oldin fikrlar

Foto: FotMob

“Chelsi”ning qanday futbol o‘ynashga harakat qilayotganini ko‘rib, tushunib o‘tiribman. Ular nima xohlayotganini juda yaxshi biladi. Bu yigitlar bilan o‘yin biz uchun finalga teng bo‘ladi. Ularning hujum va yarim himoya chizig‘i jahon darajasidagi futbolchilardan tashkil topgan. Qo‘shimchasiga yaxshi darvozabon va tajribali himoyachilari bor. Bu mavsum ular uchun juda yaxshi o‘tmoqda: Angliya Liga Kubogi finali, Yevropa Ligasida g‘alabali odim va APL chempionligi uchun imkoniyat saqlanib turganligi. Ha, “Chelsi” 9 ochko ortda qolmoqda, biroq oldinda ko‘plab o‘yinlar turibdi.

Pep Gvardiola, “Manchester Siti” bosh murabbiyi

Foto: Google Images

Bizning kuchimiz ushbu mavsumda kuchli to‘rtlikka kirish uchun kurashishdan boshqasiga yetmaydi. Albatta, nimadir yutishimiz mumkin. Ammo APL g‘olibligi uchun kurash “Liverpul” va “Siti” o‘rtasida kechmoqda. “Manchester Siti” — mening qarashlarim bo‘yicha Yevropaning eng kuchli jamoasi. Ular har bir jamoa uchun namuna hisoblanadi. Gvardiola APLda uchinchi, Klopp esa to‘rtinchi yoki beshinchi mavsumini o‘tkazmoqda. Biz esa ishlashimiz lozim. Men boshqa yo‘lni bilmayman. Shunchaki ishlashda davom etib, oradagi farqni qisqartirishga harakat qilish kerak. Bizga barqarorlik kerak ekanligini yaxshi bilamiz. Yakshanba kuni o‘zimizning eng kuchli taraflarimizni namoyish etamiz degan umiddaman.

Mauritsio Sarri, “Chelsi” bosh murabbiyi

APL

26-tur bahslari

10-fevral, yakshanba

“Manchester Siti”—“Chelsi” 21:00

Bosh hakam: Mayk Din

Internet ma’lumotlari asosida Asror Abdunazarov tayyorladi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!