10-fevral, yakshanba kuni futbol bo‘yicha Angliya premyer ligasining 26-turi doirasida 2 ta uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Foto: Twitter/@ManCity

Kunning birinchi o‘yinida Maurisio Pochettino qo‘l ostidagi Londonning “Tottenhem” klubi “Uembli” stadionida “Lester” bilan bellashdi.

Uchrashuvning 33-daqiqasida Kristian Eriksen uzatgan to‘pni Davinson Sanches boshi bilan joylab qo‘ydi va hisobni ochdi (1:0).

2-bo‘limning 63-daqiqasida Kristian Eriksen Fernando Lyorente uzatmasini golga aylantirdi (2:0). 76-daqiqada Jeymi Vardi hisobni qisqartirdi (2:1). O‘yindagi so‘nggi gol 90+1-daqiqada kiritildi. Unga Son Hyon Min mualliflik qildi (3:1).

Shu tariqa “shporlar” o‘z uyida “tulkilar”ni 3:1 hisobida taslim qildi va muhim 3 ochkoni qo‘lga kiritdi.

Turning markaziy o‘yinida musobaqa jadvalida 2-o‘rinda borayotgan Xosep Gvardiola boshqaruvidagi “Manchester Siti” klubi Mauritsio Sarri boshliq “Chelsi” jamoasi bilan jang qildi.

1-bo‘limning 4-daqiqasidayoq Rahim Sterling hisobni ochgan bo‘lsa, 13-daqiqaga kelib Serxio Aguero Aleksandr Zinchenko uzatgan to‘pni uzoq masofadan Kepa Arrisabalaga darvozasiga joylab qo‘ydi (2:0). Oradan 6 daqiqa o‘tib argentinalik hujumchi hisobni yiriklashtirdi va dubl qayd etdi (3:0). 25-daqiqada esa Ilkay Gundo‘g‘on o‘z hisobiga bitta gol yozdirib qo‘ydi. Jamoalar 4:0 hisobida qisqa tanaffusga yo‘l oldi.

2-bo‘limning 56-daqiqasida hakam tomonidan London klubi darvozasi tomon penalti belgilandi va Aguero bundan ham unumli foydalandi va het-trikka erishdi (5:0). 80-daqiqada esa “mankunianlar” a’zosi Rahim Sterling jamoasining 6-golini kiritdi.

Shu tariqa “shaharliklar” “aristokratlar” darvozasiga javobsiz 6 ta gol urdi va 3 ochkoga ega bo‘ldi.

APL

26-tur bahslari

10-fevral, yakshanba

“Tottenhem”—“Lester” 3:1

Gollar: 1:0 — 33 Sanches, 2:0 — 63 Eriksen, 2:1 — 76 Vardi, 3:1 — 90 Son.

“Manchester Siti”—“Chelsi” 6:0

Gollar: 1:0 — 4 Sterling, 2:0 — 13 Aguero, 3:0 — Aguero, 4:0 — 25 Gundo‘g‘on, 5:0 — 56, penalti, Aguero, 6:0 — 80 Sterling.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!