O‘zbekiston matbuot va axborot agentligida “Milliy estrada san’atining ahvoli, ayniqsa, yoshlar ma’naviyatining yuksaltirishdagi o‘rni va ahamiyati” mavzusida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbirda “O‘zbekkonsert” rahbariyati, soha vakillari, OAV xodimlari qatori “Daryo” muxbiri Feruz Muhammad ham ishtirok etdi.

Matbuot anjumanida “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori Odiljon Abduqahhorov jamoatchilik tomonidan keskin tanqidlarga uchrayotgan kulgi jamoalari haqida gapirdi.

Foto: “Daryo”

Bugungi kunda ‘Bravo’ jamoasini ko‘pchilik tanqid qilmoqda. Yana bir tarafini ham aytishimiz kerakki, bugungi kunda mana-man degan estrada xonandasi, xalq artistlari konsert beradigan bo‘lsa, biletlarini tashkilotlarga iltimos qilib, olib borishga majbur bo‘ladi. Lekin ‘Bravo’, ‘Million’ yoki “Dizayn” jamoalari 10 kun konsert bersa ham, 10 kun ham bo‘sh joy qolmaydi.

Biz bulardan yaxshi maqsadda foydalanishimiz ham mumkin. Ular ssenariydan chiqib ketgani uchun chora ko‘ramiz.  Bular, Xudoga shukr eksterimizmni targ‘ib qilmayapti yoki yomon illatlarni targ‘ib qilmayapti. Bularga yoshlar ergashayotgan bo‘lsa, ulardan sotsial masalalarimizni, muammolarimizni ko‘tarib chiqishda foydalansak bo‘ladi.

Bravo’ jamoasining oxirgi konsert dasturida haqiqatdan ham oila davrasida ko‘rib bo‘lmaydigan darajada qo‘pol hazillar bor. Ular bizga konsert dasturining ssenariysini topshirganlarida, aynan konsertda qo‘yilgan ba’zi hazillar yo‘q edi. Biz hattoki Ma’naviyat markazi bilan hamkorlida kengash faoliyati ham yo‘lga qo‘yganmiz. Vakillarimiz  tomonidan e’tiroz bildirilib, ssenariydan olib tashlanganda ham konsertning birinchi kunida ular aynan o‘sha olib tashlash tayinlangan hazillardan foydalanishgan.

O‘sha vaqtda jamoa a’zolari  ‘O‘zbekkonsert’ xodimlari tomonidan chaqirilib, rasman ogohlantirildi. O‘sha hazillar konsertning qolgan kunlarida ishlatilmagan bo‘lsa ham, diskda aynan birinchi kunidagi ma’n qilingan hazillar chiqib ketdi.

Bugungi kunda ‘O‘zbekkonsert’ tomonidan o‘rganish ishlari olib borilmoqda. O‘rganish qaysi ma’nodaki, komissiya  tomonidan ‘Bravo’ jamoasining konsert dasturida qaysi holatlarda ssenariy buzish holatlari aniqlangan. To‘g‘risini aytish kerak, ssenariy haqiqatdan ham buzilgan.

Navbatdagi kengash yig‘ilishida ‘Bravo’ jamoasining litsenziyasi faoliyatini tugatish yoki davom ettirish masalasini ko‘rmoqchimiz. Aniqrog‘i, fevral oyining oxirida bo‘lib o‘tadigan kengash yig‘ilishida, kengash tomonidan asosan ‘Bravo’ jamoasining litsenziya faoliyatini to‘xtatish yoki davom ettirish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Odiljon Abduqahhorov, “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi direktori