Imom al-Buxoriyning hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan hujjatli film “Rossiya-Kultura” telekanalida namoyish etiladi. Bu haqda O‘zbekiston axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi xabar berdi.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Film 17-fevral kuni Moskva vaqti bilan soat 13:20 da efirga uzatiladi.

Mazkur film islom tarixi va madaniyatidagi buyuk shaxs – Imom al-Buxoriy hayoti va faoliyatiga bag‘ishlangan.

Ming yillardan buyon u nafaqat musulmon olamida, balki butun dunyoda ulkan hurmat – e’tiborga sazovor insondir. Favqulodda qobiliyatli va adolatparvar Imom al-Buxoriy Qur’oni Karimdan so‘ng islom ta’limotidagi ikkinchi kitob – “Al Jome’ as-sahih” (“Ishonchli to‘plam”) asarining muallifi hisoblanadi.

Filmda O‘zbekistonning mashhur olimlari, xorijiy ekspertlar va diniy ulamolar ishtirok etgan.

“Yaratganga xizmat qilish va insoniyatga cheksiz muhabbat bilan yo‘g‘rilgan umr. Imom Kurrai zamindagi sayohatining eng so‘nggi kunigacha o‘zining yuksak g‘oyalari va ulkan vazifasiga sodiq bo‘lib qoldi”, — deyiladi xabarda.