“O‘zbekgeofizika” xodimlari tomondan “Daryo”ga yo‘llangan murojaatda aytilishicha, tashkilotning boshqarmasi va uning filiallariga 2018-yilning dekabr oyidan beri oylik maoshlar berilmayapti.
Oylik maoshlar plastik kartochkaga oyning 22—27-sanalarida tushirilgan, biroq dekabr oyligi tashkilot hisob-raqamida pul yo‘qligi sabab keyingi oyda berilishi ma’lum qilingan. Ma’lumotlarga ko‘ra, 2018-yilda ochilgan “Neftgazgeologiya” tasarrufiga o‘tkazilgan “O‘zbekgeofizika” hisobiga yuqoridagi tashkilot pul o‘tkazmagan.
“Maosh oyliklari 1 oy farq bilan berilganmi?” degan savolimizga “O‘zbekgeofizika” yetakchi mutaxassisi vazifasida ishlovchi geofizik Shukurjon Islomov shunday dedi:
“Yo‘q, bundan ham nochor holatlar bo‘lgan. 4 yil oldin 4—5 oygacha kechikish bilan berilgan, tashkilot xodimlari uyoq-buyoqqa yozgandan keyin vaqtida beradigan bo‘lgan. 2 yil oldin “O‘zbekgeofizika” birlashmasiga yangi bosh direktor tayinlanganidan so‘ng, bir oz holat yaxshilanib, nisbatan qisqa muddatda beriladigan bo‘lgandi. Ammo bu yerda yana bir jihatni aytib o‘tish kerak. Tashkilot va uning filiallarida jami 3 ming atrofida odam ishlaydi, ularning taxminan yarmidan ko‘prog‘i “polevoy koeffitsiyent” oladi, ya’ni dala sharoitida ishlaganligi uchun qo‘shimcha pul to‘lanadi. Shu “polevoy” uchun ishlaydiganlar ham ancha-muncha topiladi. Yuqorida maosh bir oy farqi bilan o‘z vaqtida berilayotgan edi, dedim. Ammo bu “polevoy”ga tegishli emas. Ilgari, ya’ni 4-5 yil oldin maosh va “polevoy” qo‘shib berilardi. Hozir “polevoy” ikki yil orqada qolib ketgan. “O‘zbekgeofizika” ishchi-xodimlarining 13—14 oylik “polevoy”larini to‘lagani yo‘q. Taxminan hisoblansa, bir kishining to‘rt yarim million so‘m atrofidagi ish haqi berilgani yo‘q va bu faqat “polevoy”, maosh undan alohida. Qolaversa, xizmat safari to‘lovlari ham o‘z vaqtida emas, xizmat safarini tugatib kelgandan keyin 2-3 oy ichida beriladi. Ungacha xodim safarda o‘z cho‘ntagidan pul xarajat qiladi”.
Yer qa’ridan neft va gazni qidirib topadigan geofiziklarning o‘rinli e’tirozlaridan biri moddiy ta’minot bilan bog‘liq. Ishchi-xodimlar asbob-uskunalar, ishda eng zarur bo‘ladigan kabellar yetishmasligidan nolimoqda.
O‘zbekiston hududidagi o‘nlab uglevodorod konlarini ochgan korxonada tuzukroq rangli printer yo‘q.
Xodimlar hatto, oddiy A4 qog‘ozni chiqarishga soz lazer printer izlab yurishi kerakligini aytishmoqda.
“Rangli printer, rangli plotter, kuchli termoplotterlar geofizikada juda ham kerakli hisoblanadi. Rangli plotterda yer ostining strukturaviy xaritalarini, yer ustidagi 2D va 3D ishlarining loyihalar xaritasini, geofizik ishlar sifatini belgilovchi parametrik diagrammalarni (gistogramma, roza diagramma va boshqalar) chop etiladi.
Termoplotterda esa seysmorazvedka ishlari zarbalari natijasidagi seysmogramma deb atalgan tasvirlarni tezkor chop etishda foydalanamiz, shuningdek seysmik kesimlarni chop etamiz”, – deydi Shukurjon Islomov.
Mustaqillik yillarida yuzdan ortiq neft va gaz konlarini ochgan “O‘zbekgeofizika”ga bo‘lgan e’tibor yetarlicha bo‘lmaganligi bois, mutaxassislar xususiy korxonalarga, chet el va xorij kapitali bilan ishlaydigan tashkilotlarga ishga o‘tib ketmoqda.
“Daryo” muxbiri mazkur masalaga izoh so‘rab “O‘zbekneftgaz” AJga murojaat qildi.
Hozirda tahririyat rasmiy izohni kutish bilan cheklanib turibdi.
Ma’lumot uchun, “O‘zbekgeofizika” AJ “O‘zbekneftgaz” Aksionerlik jamiyatiga bo‘ysunuvchi birlashma bo‘lib, respublika hududi bo‘yicha beshta filiali bor.
Izoh (0)