Ijtimoiy tarmoqlarda Fransiyaning Peugeot Citroen kompaniyasi O‘zbekistonga kiritgan sarmoyasini qaytarib olishiga ko‘zi yetmagani uchun, Jizzaxdagi Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive zavodi qurilishi to‘xtab qolgani haqida gap-so‘zlar tarqalgan edi.

Foto: Google Images

Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida bugun, 5-fevral kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida “O‘zavtosanoat” AJ raisi o‘rinbosari Aziz Shukurov ushbu vaziyatga izoh berdi, deb xabar berdi “Daryo” muxbiri Sevara Nishonova.

“Har qanday biznesning o‘z qonun-qoidalari bor. Bu narsa ayniqsa xalqaro biznesda ko‘proq ko‘zga tashlanadi. Xorijiy kompaniya vakili kelganida u shartnoma shartlarining sir saqlanishi haqida biz bilan kelishadi.

Bizning xorijiy hamkorimiz Fransiyaning Peugeot Citroen kompaniyasi rasmiy saytida “bu borada muzokaralar olib borilayotgani va yangilik bo‘lsa xabar berilishi” aytilgan. Biz esa ushbu jarayonni OAVga kengroq tushuntirish maqsadida ko‘proq izoh berganmiz.

Biz o‘shanda Jizzaxdagi zavod qurib bitkazilganini ma’lum qilgandik. Zavod rostdan ham qurib bitkazildi. Uning devorlari qad rostlagan, tomi yopilgan, poli bor. Faqat ta’mirdan keyin tozalash ishlari qolgani uchun uni ko‘rgan odam bitmagan, deb o‘ylaydi.

Bir narsani aytishim mumkin, hozirda Peugeot Citroen bilan ‘O‘zavtosanoat’, O‘zbekiston manfaati nuqtayi nazaridan muzokaralar olib borilmoqda.

Peugeot Citroen O‘zbekistondan foyda olib chiqib ketishiga ishonmadi, degan gaplar menimcha noprofessional. Chunki Peugeot Citroen o‘tgan yili adashmasam 56 million dollar daromad ko‘rdi. Bu ba’zi mamlakatlarning iqtisodidan ham ko‘proq pul degani. Kompaniya o‘tgan yili 3 millionta mashina sotgan.

Bir narsani tushunish kerakki, O‘zbekistonga kelib zavod qurilishi bo‘yicha shartnoma imzolashdan oldin Peugeot Citroen kompaniyasi hamma tahlillarni qilib qo‘ygan. O‘zbekiston bozori, talabi, iqtisodi, texnik-iqtisodiy asosi bo‘yicha, pulini olib chiqib ketadimi, yo‘qmi shuni hammasini o‘rganganidan keyin bunaqa katta korxonalar qo‘shma korxona tuzadi. Shuning uchun Peugeot Citroen O‘zbekiston iqtisodiga ishonmadi, degan gap professionalizmga to‘g‘ri kelmaydi”, — deydi Aziz Shukurov.

Eslatib o‘tamiz, Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive O‘zbekistondagi eksklyuziv korxona bo‘lib, 2019-yildan e’tiboran ichki va tashqi bozor uchun yiliga 16 000 ta yengil tijorat avtomobillarini ishlab chiqarishi aytilgan edi.

“Zavod — o‘zidan o‘zi yashaydigan bino emas. Zavod bu bino va texnologiyalar degani. Zavodda devorlar va tomdan tashqari texnologik asbob-uskunalar ham bo‘lishi kerak. Hozirda texnologiya va texnologik qarorlarga bog‘liq holatlar hali tayyor emas”, — deya qo‘shimcha qiladi Aziz Shukurov.

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 13-iyun kuni “Xorijiy investitsiyalar ishtirokidagi Uzbekistan Peugeot Citroen Automotive korxonasini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarorni imzolagan edi.

Hujjatda qo‘shma korxonaning ustav kapitali 29,3 million yevroni tashkil etishi hamda loyiha Jizzax viloyatidagi “Jizzax” EIZ hududida amalga oshirilishi belgilangan.