“Tojikiston — XXI asr” mustaqil jurnalistika maktabi tomonidan O‘zbekiston Jurnalistlarni qayta tayyorlash markazi bilan hamkorlikda tashkillangan qo‘shni davlatga safar davomida Tursunzoda tumanidagi mashhur alyuminiy zavodida bo‘ldik.

Foto: Alisher Primqulov

Tojikiston eksportining uchdan birini ta’minlaydigan zavod

“Tojikiston sanoatining tashrif qog‘ozi” deb ta’rif berilgan zavod 1975-yilda qurilgan. 2007-yilda “Tojikiston alyuminiy kompaniyasi” davlat unitar korxonasiga aylantirilgan. Zavodning loyiha quvvati yiliga 517 ming tonna alyuminiydan iborat. Dunyo standartidagi birinchi tojik brendi, jahondagi yirik alyuminiy ishlab chiqaruvchilardan biri. Mahsulotlari ko‘plab davlatlar, jumladan, AQSh, Turkiya, O‘zbekiston, Yaponiya, Xitoy va G‘arbiy Yevropaga eksport qilinadi.

Foto: Alisher Primqulov

Zavodning qo‘shni davlat uchun ahamiyatini anglatish uchun yana bir-ikki raqam keltiraman.“Talko” Tojikiston valyuta tushumining beshdan bir qismini ta’minlaydi. Mamlakat sanoat mahsulotlari umumiy hajmidagi ulushi 25 foizga teng, eksportning 30 foizi shu korxona ortidan.

Foto: Alisher Primqulov

“Talko” bugungi kunda bir necha kompaniyalar guruhidan iborat. Alyuminiy zavodidan tashqari tog‘-kon va kimyo-metallurgiya sohalaridagi ko‘plab korxonalarni birlashtirgan Talco Cable, Talco resourse, Talco chemical, Talco Fluorite va Talco Gold shular jumlasidan. 2018-iyul oyida O‘zbekistonning “Krantas grupp” mas’uliyati cheklangan jamiyati bilan hamkorlikda “Talko-Krantas” zavodi tashkil etildi. Mazkur qo‘shma korxonada avtokranlar, traktor pritseplari, yarim tirkamalar va boshqa maxsus texnika ishlab chiqariladi.

Foto: Alisher Primqulov

— 2001-yili ikki davlat o‘rtasida vizalar joriy etilgunga qadar zavodda 13 ming kishi ishlagan, ularning 8 ming nafari o‘zbekistonlik edi, — deydi “Talko” axborot va jamoatchilik bilan aloqalar departamenti direktori Igor Sattarov. — Ayni paytda alyuminiy zavodida 8 ming kishi ishlaydi, lekin hozir ham sexlarimizga kirsangiz asosan o‘zbekcha muloqotga guvoh bo‘lasiz, chunki 300 mingga yaqin kishi yashaydigan Tursunzoda tumani aholisining 70-80 foizi o‘zbek millatiga mansub. O‘rtacha maosh 170 dollar, elektroliz sexida 350 dollargacha borishi mumkin.

Foto: Alisher Primqulov

Sattarov bilan suhbatimiz o‘z-o‘zidan alyuminiy zavodining atrof-muhit, xususan, uning yaqinida joylashgan Surxondaryo viloyati ekologiyasiga ta’siriga borib taqaldi.

Foto: Alisher Primqulov

— Biz biror marotaba muammoni inkor etmaganmiz. Uni birgalikda hal etaylik deb xorijlik ekspertlar, jumladan, o‘zbekistonliklarni taklif etganmiz. Kelishmagan. Shu muammo ko‘tarilganda ochiq manbalardan “ekologik zarar yetkazilyapti” deb aytilgan Surxondaryoning viloyatining ko‘rsatkichlari bilan tanishgandik. Boshqa viloyatlarga solishtirganda ayrim ko‘rsatkichlari past, biroq tug‘ilish darajasi yuqori ekan, — deydi Igor Sattarov. — 2013-yili “Talko” Tojkistondagi sanoat korxonalari orasida birinchi bo‘lib ISO-14001:2004 xalqaro ekologik menejment tizimiga muvofiqlik sertifikatini oldi. Endigi maqsadimiz“yashil ishlab chiqarish” modelini yaratishdan iborat. Uning doirasida alyuminiy ishlab chiqarilishi bosqichma-bosqich va to‘liq modernizatsiya qilinadi. Bu yaqin istiqbolda asosiy fondlarni yangilash, eskirgan jihozlarni ekologik xavfsizlik talablariga javob beradigan texnologiyalar bilan almashtirish imkonini beradi.

Ko‘rib turibsiz, zavod 340 gektardan iborat katta hududda joylashgan. Atrofida ham, ichkarisida ham archalar, dov-daraxt va gullar yashnab yotibdi. Qolaversa, zavod ishchi-xodimlari qatori o‘zim ham oilam uchun Tursunzodada yetishtirilgan meva-sabzavotlarni sotib olaman...

Foto: Alisher Primqulov

Muloqot chog‘ida keltirilgan dalillar quruq gap-so‘z emasligiga ishontirish uchunmi, mezbonlar zavoddan 7 kilometr narida joylagan dehqon xo‘jaligiga taklif qildi. Buning boshqa boisi ham borligini u yerga borganda bildik.

“Mirziyoyev ota yurtga tez-tez borib turishimizni tayinladi”

Prezident Shavkat Mirziyoyev o‘tgan yil sentabr oyida Tojikistonga amalga oshirgan tashrifi davomida Tursunzoda tumanida bo‘lgan va bu yerdagi “Bog‘i somon” hamda “Vatan” dehqon xo‘jaliklari faoliyati bilan tanishgan ekan. Davlat rahbari mazkur xo‘jaliklardagi uzumzorlarni ko‘zdan kechirib, ularning rahbarlari Kamol hoji Madumarov va Ne’mat hoji Usmonovga Captiva avtomobillarini sovg‘a qilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Xo‘jaliklar joylashgan Yangi bog‘ qishlog‘ida bo‘lib, Ne’mat hoji Usmonov bilan ko‘rishdik. Ota asli farg‘onalik, Oltiariqdan ekan. O‘tgan asrning 20-yillarida, quloqlashtirish davrida ota-bobolari shu yerlarga bosh olib kelgan.

Foto: Alisher Primqulov

—Qishlog‘imizning aksar aholisi o‘zbeklar, ko‘pchiligi Farg‘ona vodiysidan ko‘chib kelgan. Asosan uzumchilik bilan shug‘ullanamiz. Men rahbarlik qilayotgan xo‘jalikni 165 nafar ulushdori, 105 gektar maydoni bor. Har gektaridan 35-40 tonna uzum olamiz. 600 tonnalik sovutgichimiz bor, uzumlarni shu yerda saqlaymiz. Mahsulotimizning bir qismi o‘zimizda qoladi, qolgani Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Afg‘oniston kabi davlatlarga eksport qilinadi, — deydi 73 yoshli Ne’mat hoji.

Foto: Alisher Primqulov

Dehqon xo‘jaligida uzum ochiq holda saqlanar, qishda ham ko‘milmas ekan. Biz borgan payt dekabrning o‘rtalari bo‘lishiga qaramay, so‘ritoklarda unda-bunda uzumlar ko‘rinib turardi. Ne’mat hojidan qishda uzum saqlash sirini so‘rasak, u kishi miyig‘ida kulib, “Buning siri qoldimi, hammasi internetda bor-ku?” deya mutoyiba qildi.

Foto: Alisher Primqulov

Otaxondan O‘zbekiston Prezidenti bilan uchrashuv taassurotlari haqida so‘radik. U kishi bu uchrashuvni anchadan beri dillab yurganini aytadi.

“Qishlog‘imizdan 15 kilometr narida O‘zbekiston chegarasi boshlanadi. Qo‘l uzatsa yetgulik masofada yashasak ham yillar mobaynida bir-birimizga intiq bo‘ldik. Qo‘shni davlatga turmushga chiqqan qizlar ota-onasini istaganida ko‘rolmay, ular nabiralarini bag‘riga bosolmay qiynaldi. To‘y-ma’rakalarimizda bir-birimizni yo‘qlolmadik. Shuning uchun bularning barchasiga chek qo‘ygan Prezidentni bir ko‘rsam, qo‘llarini olsam, hammasi uchun rahmat aytsam, degan niyatim bor edi. O‘ziga shukr, niyatimga yetdim. Shavkat Mirziyoyev bilan ko‘rishishning o‘zi bir hadya bo‘ldi, yana menga Captiva ham berib ketdilar. Uni avaylab uyga olib borib qo‘yganman. U kishi O‘zbekistonga taklif etdi, ota yurtga tez-tez borib turishimizni tayinladi”, — deydi Ne’mat hoji.

Foto: Prezident matbuot xizmati

Otaxon Farg‘onaga, Oltiariqqa borib kelgani, hamqishloqlari, yaqinlarini bag‘riga bosganini aytib berdi. O‘zbekistonda yuz berayotgan yangilanishlar, o‘zgarishlarni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib, bundan mamnun bo‘lganligini bildirdi.

Foto: Alisher Primqulov

Tursunzoda tumanidagi dehqon xo‘jaligi va uning odamoxun,tadbirkor rahbari oldidan xush kayfiyat va katta taassurotlar bilan qaytdik. Ko‘nglimizdan “mazkur xo‘jalikka bejiz ’Vatan’ deb nom berilmagan ekan” o‘y kechdi.