Surxondaryo viloyatining Oltinsoy tumani, Xo‘jasoat qishlog‘ida O‘zbekiston xalq yozuvchisi Tog‘ay Murod mahalla markazining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

Foto: O‘zA

Yozuvchi kamolga yetgan qishloqda uning xotirasi abadiylashtirilib, Uzumzor mahallasiga Tog‘ay Murod nomi berildi. Mahallada 1 milliard 567 million so‘m mablag‘ evaziga barcha sharoitlarga ega Tog‘ay Murod mahalla markazi bunyod etilib, zamonaviy usulda jihozlandi.

Yangi markazda adib nomi bilan ataluvchi mahalla fuqarolar yig‘ini idorasi, muzey, kutubxona va o‘quv zali, faollar zali barpo etilgan.

Ko‘rkam majmua sifatida qad rostlagan yangi binoda profilaktika inspektori va tez tibbiy yordam bo‘limiga ham alohida xonalar ajratilib, barcha qulayliklar yaratilgan.

Foto: O‘zA

— O‘tgan yili suyukli adibimizning 70yillik yubileyini keng nishonlaganimizda ul zotning nomini abadiylashtirish yo‘lida bir qator ishlarni amalga oshirishni maqsad qilgandik, — deydi Oltinsoy tumani hokimi E.Boyniyozov. — Shunga muvofiq yozuvchi unib-o‘sgan mahallaga Tog‘ay Murod nomi berilib, mahalla markazi qurildi. Uy-muzeyi tashkil etildi. Endilikda Tog‘ay Murod bog‘ini barpo etish rejamiz bor.

Tog‘ay Murod mahalla markazining faollar zalida yozuvchi tavalludining 71 yilligiga bag‘ishlangan adabiy uchrashuv ham o‘tkazildi. Yozuvchilari uyushmasi, tuman hokimligi va boshqa tashkilot, korxonalar tomonidan yangi kutubxonaga ko‘plab kitoblar sovg‘a qilindi.