Bugun, 31-yanvar kuni Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida huquqbuzarlikning oldini olish targ‘iboti kuni munosabati bilan bir qator tadbirlar o‘tkazildi. Bu haqda Mudofaa vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Xususan, Chirchiq garnizonida Mudofaa vazirligi va harbiy prokuratura organlari prokuratura xodimlari tomonidan harbiy xizmatchilar va ularning oila a’zolari bilan yakka tartibda suhbatlar uyushtirildi. Suhbatlar mobaynida ayrim harbiy oilalarda uchraydigan muammolar bo‘yicha huquqiy ko‘mak berilib, yuzaga keladigan ayrim masalalarga qonuniy yechim topish, bandlik masalalarini ta’minlash, farzandlarni harbiy shaharchalarga yaqin ta’lim muassasalariga joylashtirish bo‘yicha murojaatlar o‘rganildi.
Tadbir davomida harbiy qism harbiy xizmatchilari o‘rtasida huquqiy savodxonlikni oshirishga qaratib “Biz huquqimizni qanday bilamiz?” mavzusida viktorina ham tashkil etildi. Unda ishtirokchilar tarixiy asarlar, Konstitutsiyaga oid bilimlarini sinovdan o‘tkazdi.
Shundan so‘ng Chirchiq garnizoni ofitserlar uyida Chirchiq harbiy prokuraturasi mas’ul ofitserlari, adliya vazirligi xodimlari bilan birgalikda huquqbuzarlikning oldini olish, bu borada qabul qilingan farmon va qarorlarning mazmun-mohiyatiga bag‘ishlangan ilmiy-amaliy anjuman o‘tkazildi.
O‘tgan 2018-yil statistik ma’lumotlarga ko‘ra, Mudofaa vazirligi qo‘shinlarida huquqbuzarliklarning oldini olish va jinoyatchilikka qarshi kurashish borasida jami 16 465 ta profilaktik tadbir o‘tkazildi. Shu jumladan, nizomga zid munosabatlar profilaktikasiga oid 2 405 ta, ichkilikbozlikka qarshi 2 095 ta, narkotik, psixotrop moddalar iste’moliga qarshi 1 623 ta, jarohatlanishning oldini olishga qaratilgan 2 766 ta, yo‘l-transport hodisasining oldini olish bo‘yicha 2 574 ta, huquqiy savodxonlikni oshirish va ijtimoiy himoyani ta’minlashga oid 2 786 ta tadbir tashkil etilgan.
Izoh (0)