“Daryo” muxbiri Mirolim Isajonov 88 yoshida vafot etgan O‘zbekiston Respublikasi xalq artisti Po‘lat Saidqosimovning ayrim hamkasblari bilan suhbatlashib, ularni birgalikda yodga oldi.
“Oramizda hamisha chiroyli masofa bo‘lgan”
Farhod Abdullayev, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist:
— Po‘lat akamni dastlab “Muhabbat mojarosi”, “Beruniy” kartinalaridagi ijrolarini ko‘rib, muxlisiga aylanganman. Taqdir ekan, san’at yo‘lini tanlab, talabalik chog‘imdanoq ular ishlagan teatrda birgalikda faoliyat yuritish nasib qildi.
Tabiatan ikkiyuzlamachilik, laganbardorlikni yoqtirmaganligim bois hech qachon Po‘lat akamning ortidan yurib, “ustoz”, deya biror narsa undirishga yoki yordam qo‘lini cho‘zishiga umid qilmaganman. Hamisha jimgina ularning ham hayotdagi, ham sahnadagi yurish-turishi, gapirishini kuzatib, o‘zimga nimadir olishga intilganman. Ammo taqlid qilgan emasman. Negadir yuziga tik qarab, “ustoz” deyishga botinolmasdim, ochig‘i.
Teatrda ijodiy kecham tashkil etilganida sahnaga chiqib, “Farhod tug‘ma iste’dodi va rollari bilan el nazariga tushdi, shogirdimga aylandi. Faqat uni shogirdim sifatida tan olaman”, deya iliq fikrlar aytganida ham unga nisbatan munosabatimni o‘zgartirmaganman. Po‘lat akamning ustiga cho‘pon kiydirib, uylariga sovg‘a-salom bilan tez-tez borib, zeriktirib qo‘yishni istamasdim va ularning o‘zi ham bunday xushomadlarni yoqtirmasdi. Odamning yuziga to‘g‘risini aytib qo‘ya qolardi. Munofiqlik bilan chiqishmasdi. Ikkimizning mana shu fe’limiz juda o‘xshash edi. O‘rtamizda doimo chiroyli masofa bo‘lgan va bizga bu juda ma’qul kelardi. “Diyonat” videofilmida ularning yoshligini o‘ynaganman. “Afg‘on” kinosida ham birga ishlaganmiz. “Kelinlar qo‘zg‘oloni”, “Farmonbibi arazladi”, “Bir qadam yo‘l” kabi o‘nlab spektakllarning repetitsiyalaridagi birga boshdan kechirgan qiziq va unutilmas voqealar hamon esimda.
Biz oxirgi marta oktyabr oyida “Eslab” ko‘rsatuvining suratga olish jarayonida ko‘rishib, gurunglashgandik. Undan keyin ham bir necha marta turli tadbirlarda uchrashdik, ammo jiddiy suhbatlashmadik. Po‘lat akamni shifoxonaga tushib qolganini eshitganimda, tezda oyoqqa turib ketadi, deb o‘ylagandim. Ularni 100 yildan ziyod umr ko‘rishiga qattiq ishonardim. Negaki, har doim tetik, bardam yurardi. Sog‘lig‘idan shikoyat qilganini eshitmaganman. Lekin o‘lim haq ekan, oramizni bevaqt tark etdi. Ilohim ustozni joylari jannatda bo‘lsin!
“O‘z nabirasidek yaxshi ko‘rgan”
Sevara Soliyeva, aktrisa:
— Po‘lat akaning vafot etgani haqidagi shum xabarni eshitishim bilanoq darhol ko‘z oldimda “Chol va nabira”ning suratga olish jarayonidagi betakror damlar gavdalandi. Ushbu filmdagi nabira rolim kino olamidagi ikkinchi ijroim bo‘lib, u paytlarda hali yosh, tajribasiz edim va shu tufayli syomka vaqtida butun jamoaning qo‘llab-quvvatlashi natijasida kamchiliklarimni to‘ldirishga harakat qilganman. Po‘lat aka tabiatan og‘ir-bosiq, o‘z ishiga talabchan bo‘lsa-da, lekin menga tanbeh berib, ko‘pchilikning oldida yuzimni qizartirmagan. Aksincha, o‘z nabirasidek yaxshi ko‘rib, yaqindan ko‘maklashgan.
Ustoz san’atkor bilan so‘nggi bor “25-kadr” ko‘rsatuvi syomkasida ko‘rishgandik. O‘shanda juda ozib ketgan ekan. Keksa bo‘lishiga qaramay, dadil harakatlanishi va birin-ketin filmlarda rol ijro etishini ko‘rib, shijoatiga havas qilardim. Ulardan faqat yorqin xotiralar qolgan. Ilohim oxirati obod bo‘lsin!
Izoh (0)