2019-yil 25-yanvar kuni Davlat turizm qo‘mitasining 2018-yildagi faoliyati yakunlari va 2019-yilga mo‘ljallangan rejalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Bu haqda jurnalist Viktoriya Abdurahmonova “Daryo”ga ma’lum qildi.
Unda bir qator aktual mavzular muhokama etildi. Turizm sohasi metodologiyalari boshqarmasi rahbari v.b. Avazbek Fayozov qo‘mita madaniy meros obyektlarini saqlashga daxldor masalalarda O‘zbekiston Madaniyat vazirligi bilan ishlayotganligini ta’kidlab o‘tdi.
“Biz guvohi bo‘layotgan tartibsiz restavratsiya — mahalliy rasmiylarning tashabbuslari, ular, afsuski, madaniy meroslarning ahamiyatini oxirigacha anglab yetmaydi”, — deya ta’kidladi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi raisining birinchi o‘rinbosari Ulug‘bek Qosimxo‘jayev.
U, shuningdek, qayg‘uli oqibatlarga olib kelgan restavratsiya ishlari bo‘yicha vaziyatni bo‘rttirmaslikka chaqirdi. Qo‘mita raisi birinchi o‘rinbosari v.b.ning so‘zlariga qaraganda, O‘zbekiston hududida 7 400 ga yaqin arxeologik yodgorlik bo‘lib, ulardan 1 240 tasi o‘rganib chiqilgan, 535 tasi turistik yo‘nalishlarga kiritilgan.
“Hozircha hammasi yo‘qotilgani yo‘q. OAVlari va jamoatchilik oldida og‘riqli nuqtalarni topib, muammolarni oshkor qilish va ularga mas’ul tashkilot va jamoatchilik e’tiborini qaratish vazifasi turibdi”, — deya ta’kidladi qo‘mita huzuridagi Jamoatchilik kengashi raisi Tohir Soliyev.
Izoh (0)