Markaziy bank 2018-yil mobaynida bank qonunchiligi talablarini buzganligi uchun 12 ta bankka nisbatan ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishini taqiqlab qo‘yish va 28 ta bankka nisbatan jami 20,5 milliard so‘m miqdorida jarima undirish kabi ta’sir choralarini qo‘lladi. Bu haqda MB matbuot xizmati xabar qildi, deb yozadi “Gazeta.uz”.
Ayrim bank operatsiyalarini amalga oshirishni vaqtincha taqiqlash, dividendlar to‘lashni to‘xtatish (10 ta bank), valyuta birjasi savdolarida ishtirok etish (1 ta bank), aholi omonatlarini jalb qilish, bankka aloqador shaxslar va xorijiy banklar bilan aktiv operatsiyalarni amalga oshirishni (Xaytekbank, Ravnaqbank, Universalbank) taqiqlab qo‘yish shaklida qo‘llanilgan.
Jarima choralari quyidagi holatlar uchun qo‘llanilgan:
- 13 ta bankda inspeksiya natijalarida aniqlangan tartibbuzarliklar bo‘yicha — 5,9 milliard so‘m;
- 24 ta bankda valyuta operatsiyalarini amalga oshirishdagi tartibbuzarliklar bo‘yicha — 5,1 milliard so‘m;
- 24 ta bankda iqtisodiy me’yorlarga rioya qilinmaganligi uchun — 4,2 milliard so‘m;
- 8 ta bankda ichki nazorat qoidalari talablariga amal qilinmaganligi uchun — 3,8 milliard so‘m;
- 2 ta bankda bank xizmatlari iste’molchilari huquqlari buzilganligi uchun — 120 million so‘m (ushbu jarima amaliyoti yaqinda joriy etilgan) miqdorida undirilgan.
Ushbu davrda undirilgan jarima summalari banklar kesimida 50 million so‘mdan 2 milliard so‘m doirasida bo‘lib, shundan 250 million so‘mgacha bo‘lgan miqdorda 6 ta bankdan, 250—500 million so‘m o‘rtasida bo‘lgan miqdorda 7 ta bankdan, 500 million—1 milliard so‘m o‘rtasida 7 ta bankdan, 1—2 milliard so‘m o‘rtasida 8 ta bankdan undirilgan.
Banklardan tashqari, inspeksiya natijalariga ko‘ra 9 ta mikrokredit tashkilotidan 170 million so‘m va 3 ta lombarddan 27,6 million so‘m miqdorida jarimalar undirilgan.
2018-yilda qo‘llanilgan choralar bo‘yicha Markaziy bank tomonidan kredit tashkilotlari rahbariyatlariga aniqlangan tartibbuzarliklarni bartaraf etish va ularning kelgusida yuzaga kelishini oldini olish bo‘yicha chora-tadbirlar qabul qilish to‘g‘risida ko‘rsatmalar yuborildi.
2019-yilda Markaziy bank kredit tashkilotlari tomonidan bank qonunchiligiga rioya etilishi ustidan qat’iy nazoratni amalga oshirishni, shuningdek tartibbuzarliklarni oldini olish maqsadida oldindan ta’sir choralarini qo‘llashni davom ettiradi.
Izoh (0)