O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga rasmiy tashrifi davom etmoqda. Ushbu tashrif davomida nemis matbuoti O‘zbekiston haqida va mamlakatning Prezidenti olib borayotgan keng qamrovli siyosiy islohotlar to‘g‘risida qator maqolalar e’lon qildi, deb yozadi O‘zA.
Tagesspiegel gazetasi o‘zining 18-yanvar sonida e’lon qilingan “O‘zbekiston reformalari yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlash” sarlavhali maqolasida O‘zbekiston uzoq yillik noto‘g‘ri olib borilgan siyosat, mintaqadagi izolyatsiyadan so‘ng nihoyat siyosiy islohotlar sari dadil qadam qo‘yganini, yuksalishlar sari aniq va tiniq signallar berayotganligini yozadi. Bunga misol tariqasida gazeta mamlakatning 2017—2021-yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasining muhokamaga qo‘yilgani, qonun ustuvorligining liberallashtirilgani, davlat organlari ustidan jamoat nazoratining joriy etilgani, innovatsion texnologiyalarning qo‘llab-quvvatlanishi va diniy cheklovlarning sezilarli darajada qisqartirilganligini bayon qiladi. O‘zbekiston Shavkat Mirziyoyev Prezident etib saylangandan keyin qo‘shni davlatlar bilan aloqalarni yanada mustahkamlashga harakat qilmoqda, aynan Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan 13 yildan keyin O‘rta Osiyo davlatlarining Ostonadagi uchrashuvi bunga yaqqol misol, deyiladi maqolada. Bundan tashqari, O‘zbekistonning Afg‘onistonda tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish yo‘lida olib borayotgan sa’y-harakatlari, hattoki “Tolibon“ harakati bilan to‘g‘ridan-to‘g‘ri muzokaralar olib borayotganiga alohida urg‘u beriladi. Maqolaning davomida Prezident Shavkat Mirziyoyev olib borayotgan iqtisodiy islohotlar, mamlakatga investitsiyalarning keng jalb qilishda garov vazifasini bajarayotgani qayd etiladi.
Gazetaning 21-yanvar sonida e’lon qilgan o‘sha — “O‘zbekiston demokratiya yo‘lida” sarlavhali maqolada O‘zbekiston va Germaniya o‘rtasida savdo-iqtisodiy tovar ayirboshlash hajmining 2018-yilda 15 foizga o‘sgani ta’kidlanadi.
Maqolada aytilishicha, Shavkat Mirziyoyevga qadar mamlakatda matbuot hukumat tarafidan qattiq nazorat qilingan, majburiy mehnatga chek qo‘yilmay kelingan, iqtisodda va boshqa sohalarda korrupsiya ildiz otgan edi. “Chegara bilmas jurnalistlar” ro‘yxatida O‘zbekiston 165-o‘rinda bo‘lganligi va bugunga kelib yuqorida tilga olingan muammolar sezilarli ravishda ijobiy tarafga o‘zgarganligi qalamga olinadi. Maqola muallifi mamlakatda valyuta qora bozoriga chek qo‘yilganini, boj va soliqlarning pasaytirilishi, yosh tadbirkorlarga kreditlar berilishi, 2018-yilning o‘zida 57 million dollarlik sarmoyaning 3 mingdan ziyod loyihaga yo‘naltirilgani va Xitoy davlati bilan hamkorlikda amalga oshirilayotgan One Belt, One Road loyihasini alohida ta’kidlab o‘tgan. Maqola so‘nggida “Konrad Adenauer jamg‘armasi”ning Toshkent filiali boshqaruvchisining O‘zbekiston haqidagi ushbu fikrlari berilgan: “Ikki yil ichida bundan ortig‘iga erishib bo‘lmas edi. Yo‘nalish to‘g‘ri tanlangan”.
Germaniyaning nufuzli gazetalaridan yana biri Süddeutsche Zeitung o‘zining 21-yanvar kuni e’lon qilgan “Markaziy Osiyocha qayta qurish” nomli maqolasida Prezident Shavkat Mirziyoyev keng qamrovli islohotlarni amalga oshirganligi, uning Berlinga tashrifi ortidan Germaniya investitsiyasining O‘zbekistonga kirishidan umidi katta ekanligi haqida xabar qilinadi. Prezidentning nemis xalqiga sovg‘asi uning tashrifidan bir hafta oldin yo‘llandi, ya’ni Germaniya fuqarolari uchun 30 kungacha O‘zbekistonda vizasiz sayohat qilish huquqi berildi, deyiladi maqolada.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Germaniya Federativ Respublikasiga tashrifi nemis xalqi tomonidan katta qiziqish va mamnuniyat bilan kutib olindi.
Izoh (0)