Toshkent vaqti bilan 19-yanvar tongida Rio Olimpiadasi chempioni, jahon chempionati kumush medali sohibi, bugungi kunda professional boksda faoliyat olib borayotgan Fazliddin G‘oibnazarov dominikanlik bokschi Rikardo Garsiyaga qarshi ringga chiqdi.

Foto: Instagram

Sakkiz raundga mo‘ljallangan jang muddatidan avval yakuniga yetdi. Fazliddin Garsiyani 3-raundda nokautga uchratdi. Shu tariqa o‘zbekistonlik bokschi professional ringdagi ketma-ket 7-g‘alabasini nishonladi.

Ma’lumot uchun, Fazliddin bugungi jangga qadar professional boksda 6 marta ringga ko‘tarilib, ularning barchasida g‘alaba qozongandi (3 ta nokaut). Rikardo Garsiya esa 19 ta jang o‘tkazib, 14 marotaba g‘alaba qozongan (9 ta nokaut). 4 ta jangda esa mag‘lub bo‘lgandi. Bitta bahsda durang natija ham qayd etgandi.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @daryo_sport’ga obuna bo‘ling!