Adliya vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan birgalikda hududlardagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyalari (keyingi o‘rinlarda — TMEK deb yuritiladi) tomonidan fuqarolarni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish hamda nogironlikni belgilash bilan bog‘liq faoliyatini tahlil qildi. Bu haqda Adliya vazirligi matbuot xizmati “Daryo”ga ma’lum qildi.
Tahlil ushbu sohada fuqarolarning ortiqcha ovoragarchiligiga sabab bo‘luvchi o‘z yechimini kutayotgan bir qator masalalar mavjudligini ko‘rsatmoqda.
Birinchidan, davolash profilaktika muassasalarida mutaxassislar va tibbiy uskunalar yetishmaydi.
Davolash-profilaktika muassasalarida shifokorlar (nevropatolog, okulist, xirurg va hokazo) yetishmasligi hamda shtat birligi kamligi sababli ularning ish vaqtlarining turlicha qilib belgilanganligi natijasida fuqarolar TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tish uchun asos bo‘ladigan 088/u-tibbiy ma’lumotnomasini to‘ldirish uchun o‘rtacha 8—10 kun vaqt sarflamoqda.
Ikkinchidan, sohadagi ayrim munosabatlar tartibga solinmagan, qonun hujjatlaridagi ba’zi tartibotlar fuqarolar manfaatlariga to‘g‘ri kelmaydi. Qonunchilikda belgilangan muddatlardan oldin TMEKlar tomonidan dastlabki tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish uchun asos bo‘ladigan kasalliklar belgilari va ro‘yxatlari tasdiqlanmagan.
Natijada davolash profilaktika muassasalari tomonidan ayrim hollarda nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar (bosh miya insulti, buyrak saratoni, bosh miya o‘smasi va hokazo) faoliyatining to‘liq buzilishi shuningdek noxush klinik prognozli bemorlardan ham statsionarlarda 4, 6 yoki 10 oy davomida davolanish talab qilingan.
Bundan tashqari, fuqarolar nogironlik holatini belgilash uchun asos bo‘ladigan kasalliklarga chalingan bo‘lishiga qaramasdan, ko‘rsatilgan muddatlarda statsionarlarda davolanmaganligi sababli ularga nogironlik belgilanmayapti.
Uchinchidan, soha faoliyatida huquqni qo‘llash amaliyoti barqaror emas.
TMEKlar faoliyatining yetarlicha muvofiqlashtirilmasligi natijasida, ayrim hollarda davolanish samara bermaydigan kasallikka chalingan (bosh miya falaji, bolalar serebral falaji, qo‘l va oyoqning amputatsion cho‘ltoqligi va hokazo) bemorlar yillar davomida qayta-qayta tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilgan.
O‘rganish davomida adliya organlari tomonidan TMEKlar faoliyatida 300 dan ortiq qonun buzilishi holati aniqlandi. Mazkur qonun buzilishi holatlarini bartaraf etish hamda kelgusida ularga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida adliya organlari tomonidan 50 ta taqdimnoma hamda ma’muriy javobgarlikka tortish yuzasidan takliflar kiritildi. Ta’sir choralari natijasida intizomiy javobgarlikka 63 nafar, ma’muriyga esa 5 nafar shaxs tortildi.
To‘rtinchidan, TMEKlarda ayrim turdagi mutaxassislar yetishmaydi (pediatr, oftalmolog), aksariyat hollarda nogironlik fuqarolar murojaat qilganidan so‘ng belgilangan.
Nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlarni aniqlash bo‘yicha yetarlicha monitoring olib borilmasligi sababli, ba’zi hollarda chekka hududlarda istiqomat qiluvchi jismoniy, aqliy, ruhiy yoki sensor (sezgi) nuqsonlari bor shaxslarga nogironlik belgilanmasdan qolib ketgan.
Tahlillarga ko‘ra, 2018-yilning 10 oyida davomida TMEKlar tomonidan belgilangan jami 42 499 ta nogironlik holatining atigi 275 tasi nogironlik belgilari aniq ko‘rinib turgan shaxslar, shuningdek noxush klinik prognozli bemorlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Ta’kidlash lozimki, adliya organlari sa’y-harakati bilan chekka va olis hududlarda istiqomat qiluvchi 100 dan ortiq nogironlik holati aniq ko‘rinib turgan shaxslar TMEKlar tomonidan belgilangan muddatlardan oldin tibbiy ko‘rikdan o‘tkazilib, tegishli nogironlik guruhlari belgilandi.
Izoh (0)