Xalq ta’limi vazirining 2018-yil 26-dekabrdagi “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi 16-mh-sonli buyrug‘i tasdiqlandi deb xabar berdi xalq ta’limi matbuot xizmati.

2018-yilning yoz oyida “Mening fikrim” ommaviy murojaatlar portaliga maktab direktorini saylash tizimini taklif qilib ommaviy murojaatnoma joylashtirilgan edim. Muhokama xalq tomonidan katta qiziqish bilan kutib olinib imzolar yig‘ildi.

Xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov mansabga kelganidan so‘ng ushbu taklifni amalga tatbiq qilishini e’lon qildi. Iyul oyiga kelib maktab direktorlarini kuzatuv kengashlari tomonidan saylash rejalashtirilayotgani haqidagi xabarlar tarqadi.

Foto: Google Photos

2018-yil 5-sentabr kuni O‘zbekiston Prezidentining “Xalq ta’limini boshqarish tizimini takomillashtirish bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida vazirlikning 2018-yil 1-oktabrdan boshlab umumta’lim muassasalarining vasiylik kengashlarini tugatish, yuridik shaxs maqomisiz umumta’lim muassasalarining kuzatuv kengashlarini tashkil etish to‘g‘risidagi takliflari ma’qullangani e’lon qilindi hamda vazirlik O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi bilan birgalikda umumta’lim muassasasining kuzatuv kengashi to‘g‘risidagi nizomni va uning namunaviy tarkibini tasdiqlash vazifasi berildi..

Nihoyat,  2019-yil 14-yanvar kuni xalq ta’limi vazirliginng “Umumiy o‘rta ta’lim muassasasining kuzatuv kengashi haqidagi namunaviy nizomni tasdiqlash to‘g‘risida”gi tasdiqlangani e’lon qilindi. Demak, endilikda umumta’lim maktablarni kuzatuv kengashlari tomonidan boshqaruvga o‘tilmoqda.

Kuzatuv kengashlari qanday tuziladi, uning qanday vakolatlari bor va boshqa ko‘plab savollarga nizom bo‘yicha javob topib yig‘dik, ularni e’tiboringizga havola qilamiz.

Kuzatuv kengashlari soni va tarkibi qanday bo‘ladi?

Kuzatuv kengash a’zolari yetti kishidan kam bo‘lmagan toq sondan iborat tarkibda tuziladi. Bunda kengash tarkibiga o‘quvchilarning ota-onalari orasidan kamida ikki nafar, sobiq bitiruvchilar orasidan ikki nafar va nafaqadagi sobiq pedagoglar orasidan bir nafar hamda homiylar orasidan ikki nafar a’zo kiritiladi.

Kengash a’zolari soni ko‘pi bilan nechtagacha bo‘lishi mumkinmi?

Soni cheklanmaydi.

Kengash a’zolari kimlar tomonidan, qanday saylanadi?

Kengash a’zolari tegishli ta’lim muassasasi umumiy yigilishida o‘quvchilarning ota-onalari yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan ochiq ovoz berish orqali saylanadi

Kengash raisini ham o‘sha yigilishda saylanadimi?

Kengash raisi va kotibi Kengash a’zolari tomonidan kengashning birinchi yigilishida saylanadi.

Kengash tarkibiga direktor qarindoshlarini tayinlab qo‘yaqolsachi?

Ta’lim muassasasi direktori yoki uning o‘rinbosarlari, shuningdek, ularning yaqin qarindoshlari Kengash a’zolari sifatida saylanishiga yo‘l qo‘yilmaydi.

Kengash a’zolari qancha muddatga saylanadi?

Kengash tarkibi uch yil muddatga saylanadi. Bunda Kengash tarkibi har o‘quv yili boshida ko‘rib chiqilishi mumkin.

Kengashda ovozlar teng bo‘lib qolsa nma bo‘ladi?

Ovozlar teng bo‘lgan hollarda kengash raisining ovozi hal qiluvchi hisoblanadi.

Kengash huquqlari nimalardan iborat?

Ta’lim muassasasining tegishli davridagi faoliyati bo‘yicha ta’lim muassasasi direktoridan ma’lumotlarni so‘rash va olish; ta’lim muassasasining moliyaviy hisobotlari bilan tanishish; homiylik va hayriya mablag‘larining kirim qilinishi hamda sarflanishi haqidagi ma’lumotlar bilan tanishish; ta’lim muassasasi pedagoglarining sha’ni, qadr-qimmati, obro‘sini himoya qilish bo‘yicha takliflar kiritish, o‘quvchilar va ular ota-onalarining murojaatlarini ko‘rib chiqish, ta’lim muassasasining pedagog va rahbar xodimlari faoliyati to‘g‘risida ijtimoiy so‘rovlarni o‘tkazish.

Direktorlikka nomzodni kim tanlaydi?

Kengash o‘zi tanlamaydi, xalq ta’limi vazirligi va uning hududiy boshqarmalari tomonidan ta’lim muassasasi direktori lavozimiga tavsiya etilgan nomzodlarning mehnat faoliyati, xulq-atvori, tajribasi, tashabbuskorligi hamda jamoadagi obro‘sini o‘rganadi va tavsiya etilgan nomzodlar orasidan eng munosib nomzodni ochiq ovoz berish yo‘li bilan direktor lavozimiga saylaydi.

Kengash taklif etilgan nozodlarni rad etishga haqqi bormi?

Ha bor, buni o‘sha nomzodlarni taqdim etgan xalq ta’limi vazirligiga yoki uning hududiy boshqarmalarga ma’lum qiladi.

Kengash maktab direktorini ishdan bo‘shatishi mumkinmi?

Ta’lim muassasasida ijtimoiy-ma’naviy muhitning buzilishi, ta’lim sifatining pasayib ketishi, tizimli muammolarning kelib chiqishi, pedagoglar bilan ma’muriyat o‘rtasida yoki ota-onalar bilan ma’muriyat o‘rtasida nizoli holatlar kelib chiqqan taqdirda, ta’lim muassasasi direktorini lavozimidan ozod etish bo‘yicha hududiy boshqarmalarga taklif kiritadi.

Ma’lumki maktab direktorlari shu vaqtga qadar tuman (shahar) xalq ta’limi bo‘limi mudirlari tomonidan tayinlanar edi. Maktab direktorlarini saylash tizimiga o‘tilishi joylarda korrupsiya xolatlarini oldini oolish, maktabga munosib raxbarlarni o‘sha xududdagi kadrlarni yaxsh bilgan kishilar tomondan tayinlanishiga erishishiga xizmat qiladi. Bu xalq ta’limi vazirligining islohotlaridagi kata qadam bo‘lishi aniq.

Isroil Tillaboyev, o‘qituvchi, xalq ta’limi a’lochisi