Prezident qarorlari ijrosi yuzasidan Bosh prokuratura tomonidan tizimli nazorat amalga oshirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar bermoqda.

Foto: O‘zA

O‘tgan yilda Prezident qarorlari ijrosi barcha hududlarga chiqqan holda o‘rganilib, ularni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishda muhim ahamiyat kasb etgan 216 qaror va topshiriqlar ijrosi bajarilishi ta’minlandi.

Mazkur tekshirishlar davomida asosiy e’tibor qaror va topshiriqlarining o‘z vaqtida, to‘liq va sifatli ijro etilishiga hamda mansabdor shaxslarning mas’uliyatini yanada oshirishga qaratildi.

Bosh prokuratura matbuot xizmati xabariga ko‘ra, tekshirishlar natijasida 343 nafar mansabdor shaxs intizomiy va ma’muriy javobgarlikka tortildi. Qo‘pol qonun buzilishi holatlari yuzasidan 8 jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Shu bilan birga, 144 tadbirkorlik subyektiga 114,5 milliard so‘m va 281,3 million AQSh dollari miqdorida kredit mablag‘i, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish uchun 1121 gektar yer maydoni ajratilishi ta’minlandi. 126 qishloq xo‘jaligi texnika va agregatlari yetkazib berilishi, 26 milliard so‘m, 1,9 million AQSh dollari va 2,5 million yevro miqdordagi kredit mablag‘larining qaytarish muddatini uzaytirishga amaliy yordam ko‘rsatildi.

Shuningdek, hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish tadbirlarini amalga oshirish uchun 89 milliard so‘m miqdoridagi pul mablag‘i ajratilishi ta’minlandi.