Toshkent shahar Olmazor tumanida joylashgan 261-sonli umumta’lim maktabining ikki nafar 11-sinf o‘quvchisi Toshkent mehmonxona xo‘jaligi va servis kasb-hunar kollejining 2-bosqichida tahsil oluvchi do‘sti bilan katta miqdordagi pullarni o‘g‘irlab, ko‘ngilxushlikka sarflab yuborishgan. Bu haqda «Sevimli» telekanalida lavha namoyish etildi, deb xabar bermoqda UzNews.

O‘quvchilardan biri yaqin qarindoshi bo‘lgan ayolning uy olish uchun pul to‘plab yurganini sheriklariga aytib, o‘g‘rilik rejasini tuzgan. Ular jabrlanuvchining uyiga kirib, ayol yillab to‘plagan 22 ming AQSh dollari va 15 million so‘m miqdoridagi pullarini o‘g‘irlashgan.

Uch o‘smir o‘g‘irlangan pullarni shaharning mashhur restoranlariga borish, iPhone 6 rusumli 3ta telefon sotib olish va savdo-ko‘ngilochar markazidan kiyim xarid qilishga sarflashgan. Shuningdek, ularning biri otasi nomiga VAZ-2111 rusumli avtomobil, biri esa zotdor it sotib olgan.

O‘g‘irlangan pul tugaganidan so‘ng, ular navbatdagi jinoyatni sodir etishga kelishishadi. Qo‘shnining uyiga kirib, noutbuk, texnika buyumlarini va hatto qimmatbaho atirlarigacha o‘g‘irlashadi.

Videolavhada aytilishicha, o‘smirlarning o‘ylamay qilgan bu qilmishi ularning oilalariga qimmatga tushdi. Ulardan birining ota-onasi o‘z uyini jabrlanuvchi nomiga rasmiylashtirib berishadi. Yana bir ayblanuvchining otasi esa o‘g‘lining qilmishini ko‘tara olmay, sud yig‘ilishidan keyin vafot etadi.

Olmazor tumani jinoyat ishlari bo‘yicha sudyasi Musa Yusupov sayyor sudni bolalar o‘qigan maktabda o‘tkazadi. Ayblanuvchilarning yoshi, avval sudlanmaganligi va zarar qoplanganligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi hisobga olinib, ularga ozodlikdan mahrum etish bilan bog‘liq bo‘lmagan jazo tayinlangan.