11-yanvarda Nukusda O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti hamda Samarqand veterinariya meditsinasi institutining filiali ochildi. Bu haqda O‘zA xabar qildi.

Foto: O‘zA

“Ushbu filiallarning ochilishi xalqimiz, yoshlarimiz uchun ajoyib sovg‘a bo‘ldi. Yangi filiallarda talabalar bilim olishi uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan”, — deydi Qoraqalpog‘iston Juqorg‘i Kengesi qo‘mita raisi Dovutbay Qurbaniyazov.

O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti Nukus filialiga 50 nafar, Samarqand veterinariya meditsinasi instituti Nukus filialiga esa 30 nafar talaba qabul qilingan. 11-yanvardan o‘qish boshlangan.

Foto: O‘zA

Yangi filiallarda o‘quv auditoriyalardan tashqari, laboratoriyalar, zamonaviy kompyuterlar bilan jihozlangan xonalar va axborot-resurs markazi mavjud. Bundan tashqari, muassasalar zarur adabiyotlar va sport inventarlari bilan ham ta’minlangan.

Foto: O‘zA

Eslatib o‘tamiz, shu kunga qadar Qoraqalpog‘istonda 6 ta oliy ta’lim muassasasi faoliyat yuritib kelayotgan edi.